Aholini ro‘yxatga olish tekshiruv emas, bu — kelajakni rejalashtirish uchun muhim jarayon

Aholini ro‘yxatga olish tekshiruv emas, bu — kelajakni rejalashtirish uchun muhim jarayon

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmoniga muvofiq, 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha muhim davlat tadbiri o‘tkazilmoqda.

Ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda tashkil etilgan. Birinchi bosqich 15–31-yanvar kunlari bo‘lib, fuqarolar census.stat.uz sayti orqali OneID tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatiga ega. Ikkinchi bosqich esa 4–28-fevral kunlari o‘tkazilib, unda “mahalla yettiligi” a’zolari uyma-uy yurib, planshetlar orqali ma’lumotlarni yig‘adi.

Ayni kunlarda ro‘yxatga olish tadbirining birinchi bosqichi — onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayoni faol davom etmoqda. Bu jarayonda yurtdoshlarimiz faol ishtirok etib, o‘z ma’lumotlarini mas’uliyat bilan taqdim etmoqda. Chunki aholi va qishloq xo‘jaligiga oid to‘liq va ishonchli ma’lumotlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jarayonlarda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va tizim korxonalari xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, markaziy apparat xodimlari onlayn ro‘yxatdan o‘tish orqali ushbu muhim tadbirga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.

Fuqarolardan savolnomadagi barcha savollarga, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga oid ma’lumotlarga to‘liq va aniq javob berish so‘raladi. 

Hurmatli yurtdoshlar! To‘g‘ri va xolis ma’lumotlar bilan yurtimiz ravnaqiga, kelajagimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shaylik.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati