Avariya va yong‘inda harakat qilish bo‘yicha umumstansiyaviy mashg‘ulotlar o‘tkazildi
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida yong‘in xavfsizligi oyligi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar yakunlandi. Xususan, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida ko‘rik-oylikning so‘nggi uchinchi dekadasida avariya va yong‘inga qarshi umumstansiyaviy amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilindi.
Navbatchi vaxtalar kesimida tashkil qilingan amaliy mashg‘ulotlarda stansiya rahbariyati, stansiya va sexlar navbatchilari boshliqlari, muhandis-texnik xodimlar, stansiya qoshidagi 30-yong‘inga qarshi kurash maxsus qismi mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
“Ob-havo haroratining sovishi sababli gaz taqsimlash stansiyasida tabiiy gaz bosimi tushib ketishi natijasida stansiya 1-energoblokining avariyaviy o‘chishi” mavzusiga bag‘ishlangan mashg‘ulotlarda avariyaviy o‘chish va yong‘in sodir bo‘lganda, barcha yo‘nalishdagi stansiya tezkor xodimlarining tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish va harakatlar qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
- Qish mavsumini betalafat o‘tkazish, yong‘in kelib chiqishiga olib keluvchi holatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlarini tushuntirish hamda bu borada xodimlarning ko‘nikmalarini mustahkamlash - tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad bo‘ldi, - deydi To‘raqo‘rg‘on IES korxonasi bosh muhandisi v.b. Ashur Abdullayev.
To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati