BBC NEWS: 2023-YILNING ISSIQ IYUNI. SAYYORA HARORAT BO‘YICHA YANA BIR REKORDNI MUDDATIDAN AVVAL O‘RNATDI

BBC NEWS: 2023-YILNING ISSIQ IYUNI. SAYYORA HARORAT BO‘YICHA YANA BIR REKORDNI MUDDATIDAN AVVAL O‘RNATDI

Markaziy OsiyoYoz endigina boshlandi, ammo issiq to‘lqinlar allaqachon jahon rekordlarini yangilab, Kanadadan Xitoygacha bo‘lgan shimoliy yarimsharda yuzlab odamlarni halok qilmoqda. Iyun g‘ayrioddiy tarzda falokatlarga boy bo‘ldi. Olimlar esa iqlim o‘zgarishlariga inson aybdor, deyishmoqda.

Iliq qish va quruq bahordan keyin yoz hech qanday yengillik keltirmayapti. Va bu kelgusi bir yoki ikki yil ichida sayyoradagi haroratni butunlay oshiradigan, Tinch okeanida yuzaga keladigan El-Ninyo hodisasining to‘liq namoyon bo‘lishidan oldin yuz bermoqda.

Odatda, qattiq jazirama, yong‘in va qurg‘oqchilik shimoliy yarimsharga yozning ikkinchi yarmida, avgust oyi arafalarida keladi. Umuman olganda esa, yalpi isish sayyoramizda fevral-mart oylarida eng ko‘p kuzatiladi.

Ammo bu yil umuman boshqacha

Iyun Yevropa, Amerika va Osiyoda g‘ayrioddiy issiq bo‘ldi. Va yakuniy natijalar hali chiqmagan bo‘lsa-da, dastlabki xulosalar olimlarning 2023-yil issiq harorat bo‘yicha barcha rekordlarni yangilashi va tarixdagi eng issiq bo‘lgan so‘nggi 8 yilning qayg‘uli an’analarini davom ettirishi xavfi haqidagi prognozlarini tasdiqlaydi.

Sayyoramizning isishi munosabati bilan tabiiy ofatlar tobora ko‘payyapti, ularning zarari esa falokatlar sabablariga qarshi kurashish va yangi turmush sharoitlariga moslashishga sarflanadigan mablag‘lar bilan birga ortib bormoqda. Issiqlik odamlarni nobud qiladi, energiya va migratsiya inqirozini kuchaytiradi.

Hatto tabiat ham o‘zgarmoqda. Allaqachon Yevropaning 13 davlatida “denge” isitmasi va “chikungun” virusini tashuvchi chivinlar “ildiz otgan”. Yevropa Ittifoqining yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi (ECDC) tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, bundan o‘n yil avval bu kabi mamlakatlar bor-yo‘g‘i sakkizta bo‘lgan.

“Yevropada isish tendensiyasi kuzatilmoqda: anomal issiqlik va toshqinlar tez-tez hamda kuchliroq bo‘lib, yoz uzoqroq va issiqroq bo‘ladi. Bu esa invaziv chivin turlari uchun qulay sharoit yaratadi”, deya ogohlantirdi olimlar.

Vaqtidan ilgari bir yarim daraja

Yalpi isishni to‘xtatish uchun dunyoning deyarli barcha davlatlari atmosferaga issiqxona gazlari chiqarishni kamaytirishga kelishib oldilar. 2015-yilda imzolangan Parij kelishuvining maqsadi sayyoramizni sanoatdan oldingi darajaga qadar 2°C dan, hatto undan ham yaxshiroq – 1,5°C ichida isishining oldini olish hisoblanadi.

Sayyoramizdagi o‘rtacha yillik harorat allaqachon odatdagidan 1,2°C daraja yuqori va iyun oyida bu ko‘rsatkich bir yarim darajaga yetdi. Bu avval ham sodir bo‘lgan va bunday tebranishlar iqlimdan ko‘ra ko‘proq ob-havo bilan bog‘liq. Biroq, ayni holat meteorologlarni ko‘proq xavotirga soldi.

Gap shundaki, bu kabi ortiqcha bir yarim darajagacha isish Yevropa issiq qishida – 2016-yil fevral va mart oylarida (tarixdagi eng issiq) hamda Parijda iqlim bo‘yicha muhim kelishuv imzolangan 2015-yil dekabrida yuz bergandi. Yozda esa bu bir yarim darajali chegara odatda butunlay xavfsiz edi.

“2023-yil iyun oyining issiq bilan boshlanishi – bu qoidadan istisno edi”, deya xavotir bildirdi Yevropa Ittifoqining Kopernik markazida iqlim o‘zgarishini kuzatuvchi olimlari.

“2023-yil iyun oyining birinchi kunlaridagi global o‘rtacha havo harorati kuzatuv rekordini sezilarli farq bilan yangiladi. Bu esa may oyidan keyingi misli ko‘rilmagan issiq harorat”, deb yozadi ular.

May oyi rekordlar bo‘yicha ikkinchi eng issiq harorat bo‘ldi va bu eng yuqori nuqtadagidan atigi 0,1°C past. Bu esa Yevropada bahor sovuq va yomg‘irli bo‘lgan, Avstraliyayu Osiyoda – Hindistondan to Sibirgacha odatdagidan ancha salqinroq kelgan bir paytda kuzatildi. Ammo Amerika, Afrika hamda Janubi-Sharqiy Osiyoda kutilmagan jazirama to‘lqini “mavj urdi”.

Muammolar faqat quruqlikda emas. Ikkala qutbdagi muz qoplami erib bormoqda va iyun oyida Tinch okeanining yuzasi yilning shu davri uchun odatdagidan 0,2 darajaga issiqroq bo‘lib chiqdi – bu aprel va may oylaridagi harorat rekordlaridan keyin.

U yog‘iga esa vaziyat faqat yomonlashadi. Chunki kuzga kelib Tinch okeanida El-Nino (haroratning ko‘tarilishi hodisasi) hosil bo‘ladi. U uch yil davomida okeanni sovitgan, ammo isishni to‘xtata olmagan La-Nineni almashtirdi.

Kanada yong‘inlari, Pekin issiqligi va Yevropa qurg‘oqchiligi

2023-yil iyun oyi Shimoliy yarimsharning barcha qit’asi aholisi uchun yodda qolarli bo‘ladi.

Kanada har yili global issiq bilan bog‘liq tabiiy ofatlarga duch keladi. O‘tgan yili Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasini suv va dovul bosgan, bir yil avval esa rekord darajadagi issiqlik yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan edi.

Bu yil ham bundan mustasno emas. Yoz hali boshlanib ulgurmagan, biroq Kanada allaqachon tarixdagi eng yomon yong‘in mavsumini boshdan kechirayotir.

AQSH shimolida odamlarga uyda qolish va tutunli havodan nafas olmaslik tavsiya etilmoqda.

Janubda esa, Arizonadan Texas va Floridagacha, o‘n millionlab odamlar issiqlik gumbazi deb ataladigan yopishqoq issiqdan aziyat chekishadi. Issiq harorat bir necha hafta oldin mintaqani qamrab olgan va ob-havo ma’lumotlariga ko‘ra, 4-iyul – Mustaqillik kuniga qadar tarqalmaydi.

Rasmiylarga ko‘ra, jazirama harorat tufayli kamida 13 kishi halok bo‘lgan

Qo‘shni Meksikadagi vaziyat esa bundan ham yomonroq. U yerda qurbonlar soni yuz nafardan oshdi. Mamlakat aprel oyidan beri uchinchi issiq to‘lqinni boshdan kechirmoqda va rasmiylar to‘rtinchisi shu kunlarda sodir bo‘lishidan ogohlantirmoqda.

Ispaniyaning janubida qurg‘oqchilik, Sevilya va Kordovadagi harorat iyun oyining oxiriga kelib +44°C ga ko‘tarildi. Meteorologlarning ta’kidlashicha, 2011-yilgacha bo‘lgan 35 yil ichida Ispaniyada iyun oyida atigi beshta ekstremal issiq harorati kuzatilgan. O‘tgan 12 yil ichida esa bunday jazirama oltita iyunda qayd etildi.

Buyuk Britaniya Qirollik meteorologiya xizmatining dastlabki o‘lchovlariga ko‘ra, iyun mamlakat tarixidagi eng issiq bo‘lib chiqdi. To‘g‘ri, garchi o‘tgan yilgi qirq daraja haroratga hali yetib borilmagan bo‘lsa-da (barometr ko‘rsatkichi hali 32°C dan oshmadi), tunlarning iliq, yog‘ingarchiliksiz kelishi 2023-yil iyun oyining 1940 va 1976-yillardagi rekordlarni yangilashiga yetdi.

Germaniyada asosiy transport arteriyasi – Reyn daryosi muddatidan oldin quriy boshladi.

Osiyoda Pokistondan tortib Malayziyagacha milliardlab odamlar jazirama issiqdan qiynalmoqda.

Xitoy poytaxti Pekinni 10 kun davomida ikkita qizg‘in to‘lqin qamrab oldi va 1951-yildan beri ilk marotaba harorat ustuni ketma-ket uch kun mobaynida 40 darajadan pastga tushmadi. 35°C dan oshgan kunlar soni so‘nggi 30 yildagi o‘rtacha iyun ko‘rsatkichidan oshib ketdi.

Hindistonda esa yanada issiqroq. Shimol va sharqda iyun oyida harorat +46°C ga yaqinlashdi. Rasmiylar jazirama sabab bo‘lgan o‘nlab o‘lim holatlarini tekshirmoqda, biroq bu bog‘liqlikni tan olishni istamayotgandek. Hatto odamlar issiqdan o‘layotgani haqida “mas’uliyatsiz fikr aytgani” uchun mintaqa shifoxonasi bosh shifokori ishdan bo‘shatildi.

“Haj – 2023” mavsumi ham juda issiq iyun oyiga to‘g‘ri keldi. Saudiya Arabistonidagi kun davomida havo harorati 48 darajadan tushmagan muqaddas joylarga yuz minglab musulmonlar keldi. Rasmiy Ar-Riyod issiqdan 2000 nafardan ortiq odam zarar ko‘rgani va kamida 230 kishi vafot etganini ma’lum qilgan.

Issiqlikning to‘lovi qancha?

Butunjahon meteorologiya tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida iqlim kataklizmlari Yevropaga 2 milliard dollar zarar keltirgan va 16 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Kanada yalpi isish bilan bog‘liq zarar 2030-yilga borib, yiliga 11 milliard AQSH dollaridan oshadi, deb taxmin qilmoqda.

Yalpi isishga qarshi kurashish uchun dunyo yangi energiya manbalariga o‘tmoqda va asta-sekin qazib olinadigan yoqilg‘i yoqishdan voz kechishga harakat qilinyapti. Buning uchun quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, elektr transporti, elektr uzatish tarmoqlarini yangilash uchun trillionlab dollar sarmoya talab etiladi.

Agar El-Ninyo kuzda kelsa va bir necha yil davom etsa, iqlim inqirozi yanada kuchayadi. Dartmut kolleji olimlari bu avvalgi davrlarda ham shunday bo‘lganini aniqlashdi.

Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1982-1983 va 1997-1998-yillardagi El-Ninyo kamida besh yil davomida dunyo farovonligiga putur yetkazgan. Hatto XX asr yakunidagisi jahon iqtisodiyotiga 5,7 trillion dollar zarar yetkazib, 23 mingga yaqin kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Manba: https://centralasia.media/news:1947961