
BIR GURUH OLIMLAR VA MUTAXASSISLAR TO‘RAQO‘RG‘ON IES KORXONASIDA QILINAYOTGAN ISHLAR BILAN TANISHDILAR
To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan farmonlar va qarorlarda belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha korxonada “Yashil makon” va “Yashil belbog‘” loyihalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi raisi Abdushukur Xamzayev boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar – olimlar, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar, ommaviy-axborot vositalari vakillari, partiya faollari - To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasiga tashrif buyurdilar.
Mutaxassislar dastavval stansiya atrofida yaratilayotgan “Yashil belbog‘” hududida manzarali daraxt ko‘chatlarini (suvsizlikka chidamli qayrag‘och, eman daraxtlari) ekish jarayonida ishtirok etdilar. Shuning bilan bir qatorda, mutaxassislar tomonidan yer-iqlim sharoitidan va agrotexnik talablardan kelib chiqqan holda daraxt ko‘chatlarini tanlash, ularni ekish, parvarishlash hamda sug‘orish ishlarini tashkil etish bo‘yicha foydali maslahatlar va tavsiyalar berildi.

Ta’kidlash lozimki, stansiya old qismida yaratilayotgan “yashil hudud” mehmonlarda katta taassurot qoldirdi, bu ishlarni yanada kengaytirish, ularni agrotexnik talablarga muvofiq, iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda parvarishlash bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.
Tadbir yakunida mehmonlar To‘raqo‘rg‘on IES korxonasi yonidagi 4 gektar maydonda qurilayotgan quvvati 3,5 MVt bo‘lgan navbatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi jarayoni bilan tanishdilar. Guruh rahbari, o‘z navbatida unga hamroh bo‘lgan olimlar va mutaxassislarga To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarni ommaviy axborot vositalarida, viloyat aholisi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ilmiy yondoshgan holda maqolalar tayyorlash xususida ko‘rsatmalar berib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida, bunyod etilayotgan quyosh fotoelektrik stansiyasi foydalanishga topshirilgach, yiliga 6-7 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va buning samarasi o‘laroq, 1,7 mln.kubmetrgacha tabiiy gaz yoqilg‘isi iqtisod qilinishiga erishiladi. Mazkur loyiha shu yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilmoqda.
To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati