ELEKTR STANSIYALARDA YONG‘IN XAVFSIZLIGI OYLIGI O‘TKAZILMOQDA
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalari va elektr stansiyalari ob’ektlarini tabiiy ofatlar kuzatilishi mumkin bo‘lgan kuz-qish mavsumida xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida, barcha elektr stansiyalarida 15-noyabrdan 15-dekabrga qadar yong‘in xavfsizligi oyligi o‘tkazilmoqda.
Bunda, barcha uskunalarni yong‘in xavfsizligi qoidalari talablariga muvofiqlashtirish, ularni qishgi yong‘in xavfi yuqori davrda ishlashga tayyorlash maqsad qilingan.
Oylik davomida yong‘in-texnik komissiyalari, ko‘ngilli o‘t o‘chirish drujinalari faoliyatini faollashtirish, Davlat yong‘in nazorati organlari ko‘rsatmalarini bajarish, shuningdek yong‘inlarni oldini olish bo‘yicha xodimlarning bilim va malakasini oshirishga alohida e’tibor beriladi.
– Asosiy maqsadimiz yong‘in xavfi bo‘lgan kuz-qish mavsumida yong‘inlarni oldini olish va yong‘in xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan tadbirlarni kuchaytirish, xodimlar tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini nazoratga olishdan iborat, – deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi bo‘limi boshlig‘i Abror Sultonov.
Ushbu tadbirlar, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati komissiyasining 2022-yil 10-noyabrdagi “Yong‘in xavfsizligi oyligi”ni o‘tkazish to‘g‘risida”gi 49-sonli bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati