FARG‘ONA ISSIQLIK ELEKTR MARKAZI 2022-2023 YILLAR KUZ-QISH MAVSUMIGA SHAY HOLATGA KELTIRILDI

FARG‘ONA ISSIQLIK ELEKTR MARKAZI 2022-2023 YILLAR KUZ-QISH MAVSUMIGA SHAY HOLATGA KELTIRILDI

Farg‘ona IEMda OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashchilar korxonada 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdilar. 

Press-turda bildirilishicha, Farg‘ona IEM 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumida aholini, iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini va ijtimoiy soha ob’ektlarini issiqlik va elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirdi. 

Korxonada mavsumga hozirlik ko‘rish davomida qurilmalarda mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Jumladan, asosiy tadbirlardan: 4-sonli turbogenerator mukammal ta’mirlandi, 7-sonli va 10-sonli qozon agregati o‘rta ta’mirlandi,  5-,6-,7-turbogenerator, 8-,9-,11-,12-qozon agregati, 1-,2-bug‘lash qurilmalari joriy ta’mirdan chiqarildi. Bundan tashqari yordamchi qurilmalarning texnik holati tekshirilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Ma’nan va jismonan eskirgan uskunalar yangisiga almashtirildi. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning barcha tizim korxonalarida bo‘lgani kabi Farg‘ona IEMda ham mavsumni barqaror o‘tkazish, issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlash maqsadida sutkasiga 24 soat faoliyat yurituvchi maxsus shtab ish boshladi. Press-tur qatnashchilari, uning ish tartibi bilan tanishar ekanlar, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. 

- Mazkur shtab “Issiqlik elektr stansiyalarpi” AJ markaziy apparatida tashkil etilgan situatsion-tahliliy onlayn dispetcherlik markaziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. Bu esa ishlab chiqvarish barqarorligini ta’minlash barobarida, turli kutilmagan o‘chishlarning oldini oladi, agar mana shunday holat yuzaga kelsa ham qurilmalarni favqulodda tezkor ishga tushirish imkonini yaratadi,-deydi Farg‘ona IEM bosh direktori Erkin Xamidov.  

Korxonada “yashil energiya”ni rivojlantirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani diqqatga sazovor. 2020 yildan bugungi kunga qadar avtoturargoh, harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati binosi, ishlab chiqarish sexlari, ma’muriyat binosi kabi qator inshootlarga quyosh panellari asosida ishlovchi uskunalar o‘rnatildi. Buning evaziga joriy yilning o‘tgan davrida 200,2 ming kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. 

Davlatimiz rahbari raisligida 2022 yilning 10 iyun kuni iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ham elektr markaz tomonidan salmoqli ishlar olib borilyapti. 

Xususan, joriy yilning iyul oyida korxonaning Qozon sexi binosiga 60 kVt quvvatdagi quyosh foto elektr stansiyasi o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi. 

Bu o‘z navbatida, korxonada yillik issiqlik energiyasini 47,5 Gkalga, elektr energiyasini esa 108 ming kVt/soatga tejash imkonini bermoqda. Shuningdek, markazning mavjud binolariga 13 dona jami 2600 litrlik quyosh suv isitgichlari o‘rnatildi. 

Jurnalistlar shuningdek, ayni kunlarda Farg‘ona issiqlik elektr markazida quvvati 1800–2000 kVt.ga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini bunyod etish ishlari bilan ham tanishdilar. 

Ushbu quyosh panellari “On-Grid” rejimida ishlashini hisobga olganda yiliga 7-8 mln. KVt qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish va yoqilg‘i resurslarini tejash, atmosferaga zararli gazlarning chiqishini kamaytirish imkonini beradi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati