#IESbooklclub: Kadrda – Maftuna Rahmonova
Farzandlarning ma’naviyat haqidagi tushunchasi, avvalo, uyida, ota-onaning berayotgan tarbiyasidan boshlanadi. Zero, xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, - degan maqol ham bejizga emas. #IESbooklclub loyihasining navbatdagi mehmoni, Navoiy IES Markaziy ta’mirlash sexi xodimasi Maftuna Rahmonova.
Men farzandlarimni ma’naviyatli, tarbiyali va komil inson bo‘lishlari uchun hozirdan tinimsiz harakatdaman. Kitoblarning bu borada menga beradigan ko‘magi esa beqiyos. Asarlardan juda ko‘p narsalarni o‘rgansa bo‘ladi. Ular bizning beminnat maslahatchimiz va sirdoshimiz.
“Ufq” trilogiyasi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning eng mashhur asarlaridan biri bo‘lib, asarda O‘zbekning soddadil insonlari, mehnatkash o‘g‘lonlari va urush yillarida toblangan xalq irodasi tilga olinadi.
O‘zbek adabiyotining bestseller asari betakror yozuvchi Tohir Malikning “Shaytanat” asarida keltirilgan qahramonlar taqdiri shu qadar mahorat ila yozilganki, salbiy qahramonning ham o‘z haqiqati bor. Asadbek, Zohid va Elchin kabi qahramonlarni shaytanatning jin ko‘chalariga qanday kirib qolgani, ularni asar davomida kutayotgan qiyinchiliklarni kitobxon katta qiziqish bilan o‘qishiga shubha yo‘q.
Taniqli xorij yozuvchisi Ernst Heminguyeyning “Chol va dengiz” nomli kitobi falsafiy asar hisoblanadi. Asar kichik bo‘lishiga qaramay, uning ichidagi ma’no ulkan dengiz kabidir. Bu asar insonga qanoat va sabr haqida so‘zlovchi shoh asardir.
Fransuz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina Shahzoda” asari 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barcha kitobxonni o‘ziga jalb etganligi shubhasiz. Sababi, hammamiz ham bola bo‘lganmiz qachonlardir. Asarning g‘ayritabiiy xususiyati shundan iboratki, uni har bir kitobxon har xil o‘qiydi va har xil talqin qiladi...
“Navoiy IES” AJ Matbuot xizmati