#IESmen: Obyektivda – G‘ani Haydarov

#IESmen: Obyektivda – G‘ani Haydarov

Ishimiz juda mashaqqatli va qiziqarli. Masalan, 220 va 500 kVli ochiq taqsimlash qurilmalarida yuqori kuchlanish ostida ishlash, sovuq kunlar-mi yoki jazirama issiq kunlarmi farqi yo‘q, biz energetiklar xalqimizni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash yo‘lida hech ham charchamaymiz, chunki ishimizni, kasbimizni yaxshi ko‘ramiz, - deydi Sirdaryo IES elektr sexi elektr chilangari G‘ani Haydarov.

1966-yil Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan G‘ani Haydarov, 1995-yil Sirdaryo viloyatining Shirin shahriga ko‘chib keladi. U 1995-yilning o‘zidayoq ushbu energetiklar shahridagi mahobatli Sirdaryo IESga ishga kiradi. O‘z ish faoliyatini korxonaning elektr sexiga qarashli 220/500 kVli ochiq taqsimlash qurilmalari ob’ektida boshlaydi.

- Energetika kasbiga bo‘lgan ishonchim sabab kasb sirlarini yaxshi egallashga intildim. Energetika sohasidagi ishlarimni yanada mukammal egallashimga sababchi bo‘lgan ustozlarim Abdurahmon Mamatov va Muhriddin Sangilovlardan juda minnatdorman.

Buni qarangki, vaqt shu darajada tez o‘tarkanki, ayni damda o‘zim ham ustozman, deydi G‘ani Haydarov. Shogirdlarim juda ko‘p, shulardan yosh shogirdlarim Sherzod Xudoyberdiyev va Alisher Qarshiyevlar doim kasb sirlarini o‘rganish istagida yonimda. Ular bilan faxrlanaman.

Ishimni, kasbimni yaxshi ko‘raman. Har gal elektr uskunalarini ta’mirlayotgan vaqtimda bir hayol o‘tadi, “Shu qilayotgan ishim orqasidan qanchadan-qancha xonadonlarning uylariga nur ulashaman, axir bu mo‘’jiza-ku”. Ha, men shunday mas’uliyatli va sharafli kasb egasi ekanligimdan faxrlanaman, - deydi loyihamiz mehmoni G‘ani Haydarov.

Sirdaryo IES Matbuot xizmati