IESwomen: Obyektivda – Go‘zal Mirzayeva

IESwomen: Obyektivda – Go‘zal Mirzayeva

Har kuni ertalabdan ishga kelar ekanman, korxona hududiga kirishim bilanoq, ruhiyatimda o‘zgacha tuyg‘uni his etaman. Ishxonamiz hovlisidagi yashillik, bo‘layotgan bunyodkorlik ishlari, xodimlarga yaratilayotgan e’tibor menda kasbimga bo‘lgan mehrning yanada oshishiga xizmat qiladi,- deydi #IESwomen loyihasining bu galgi mehmoni – “Tolimarjon IES” AJ texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi sexi elektr chilangari Go‘zal Mirzayeva.

Korxonadagi mehnat faoliyatimga bu yil 28 yil to‘ldi. Shu vaqt ichida stansiya energobloklarining qurilishi va ishga tushirilishi jarayonlariga guvoh bo‘ldim va hozirda elektr energiyasi ishlab chiqarish ishlarida bevosita ishtirok etib kelmoqdaman.

Ishdan uyga qaytganimda uydagi chiroqlarning yongan holatda qolganini ko‘rsam, darhol borib o‘chirib qo‘yaman. Shunday paytlarda hamkasblarimizning kechani kecha, kunduzni kunduz demay, qishning qirovli sovuq kunlarida ham, yozning jaziramasida ham tinim bilmay qilayotgan mehnatlari ko‘z oldimdan o‘tadi.

O‘tgan yillar mobaynida har bir hamkasbim oila a’zoimdek, ishxonamizning har bir burchagi xuddi o‘z uyimdek bo‘lib ketgan. Korxonadagi biror bino ta’mirlanib, hozirgi zamon talabiga mos qilinib, o‘zgartirilsa, bir tarafdan yaratilgan qulayliklardan xursand bo‘lsam, ikkinchi tomondan devorlarni pardozlagan bo‘yoqlar ostida yoshligimning surati qolib ketayotganga o‘xshaydi. 

Shunday paytlarda o‘ylanib qolaman va o‘tgan umrim besamar ketmaganidan, xalqimizni elektr energiyasi bilan ta’minlashda biroz bo‘lsa-da hissam borligidan o‘zimni baxtiyor his etaman.

Stansiyamizdagi yosh xodimlarga havasim keladi. Ular bilan suhbatlashar ekanman, doim o‘z kasbiga mehrli bo‘lish lozimligi, shuningdek, har bir vazifani sidqidildan bajarish insonni ulug‘lovchi xislat ekanligi haqida gapiraman. Xuddi shunday men ham o‘z kasbimni sevib mehnat qilaman.

“Tolimarjon IES” AJ Matbuot xizmati