IESwomen: Obyektivda – Olga Pak
“Har qanday korxonaning barqaror rivojlanishida moliyaviy intizom va aniq hisob-kitob muhim o‘rin tutadi. Buxgalteriya – bu shunchaki raqamlar emas, balki korxona faoliyatining ishonchli tayanchi. O‘z kasbimni sevaman va har bir vazifani mas’uliyat bilan bajarishga intilaman”, – deydi #IESwomen loyihasining navbatdagi mehmoni,“O‘zenergosozlash” MChJ bosh buxgalteri o‘rinbosari Pak Olga Leontevna.

– Sahifangiz ayollarga bag‘ishlangan ekan, avvalo ularga murojaat qilmoqchiman. Ayol – oilaning tayanchi, mehr va ezgulik manbai. Oiladagi muhit, farzandlar tarbiyasi va xonadondagi totuvlik ko‘p jihatdan ayolning sabr-qanoati, donoligi va mehribonligiga bog‘liq. Shu bilan birga, zamonaviy ayol nafaqat oilada, balki jamiyat va mehnat jamoasida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kerak.
Olga Leontevnaning ta'kidlashicha, ayollar o‘z salomatligi, ruhiy xotirjamligi va bilimini muntazam rivojlantirib borishga alohida e'tibor qaratishlari zarur. Chunki sog‘lom va baxtli inson har qanday ishni yuqori kayfiyat va mas'uliyat bilan bajaradi.
– Men uchun baxt – yaqinlarimning sog‘-salomatligi, oilamdagi mehr-oqibat va qilayotgan mehnatimning samarasini ko‘rishdir. Inson o‘z ishini sidqidildan bajarsa, albatta buning natijasini ko‘radi. Har bir yangi kun yangi imkoniyatlarni olib keladi. Qahramonimizning fikricha, ish faoliyatida tartib-intizom va puxta rejalashtirish muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biridir.
– Ish kunimni eng muhim vazifalarni belgilab olishdan boshlayman. Buxgalteriya sohasida aniqlik, mas'uliyat va tartib eng muhim tamoyillardir. Har bir hujjat, har bir hisob-kitob o‘z vaqtida va xatosiz bajarilishi zarur. Bugungi kunda raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar ishimizni yanada samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda. Doimo yangi bilimlarni o‘rganish va o‘z ustida ishlash esa kasbiy rivojlanishning ajralmas qismidir.
Suhbat yakunida Olga Leontevnaga quyidagi savol bilan murojaat qildik. – Taqdiringizdan minnatdormisiz?
– Albatta. Hayotim davomida uchratgan har bir inson, bosib o‘tgan har bir sinov menga katta tajriba berdi. Qiyinchiliklar insonni chiniqtiradi, muvaffaqiyat esa yanada katta marralar sari ilhomlantiradi. Men oilam, hamkasblarim va hayot menga bergan barcha imkoniyatlar uchun minnatdorman. Ishonamanki, halollik, mehnatsevarlik va ezgulik insonni doimo oldinga yetaklaydi.
“O‘zenergosozlash” MChJ Matbuot xizmati