#IESwomen: Obyektivda – Ra’no Sultanova

#IESwomen: Obyektivda – Ra’no Sultanova

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida faoliyat yuritayotgan fidoyi ayollar haqida hikoya qiladigan #IESwomen loyihamizning bu safargi qahramoni – markazlashtirilgan ta’mirlash sexi kran mashinisti Ra’no Sultonova.

1969-yilda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tug‘ilgan Ra’no opa, maktabni tamomlagach turli sohalarda mehnat qildi. Ammo taqdir uni Sirdaryo IES tomon yetakladi va 2002-yilda korxonaga ishga qabul qilinib, hozirga qadar fidokorona mehnat qilib kelmoqda.

— “Bolaligimda yurist bo‘lishni orzu qilardim. Ammo hozirgi kasbim – kran mashinistligi bilan faxrlanaman. Chunki bu yerda hurmat va e’tibordaman. Shogirdlarim ham talaygina”, — deydi Ra’no opa.

U o‘z ustozlari — kran boshqaruvi sirlarini mukammal o‘rgatgan Isroil Ergashevni minnatdorchilik bilan eslaydi. Bugun esa o‘zi Mohida Ergasheva va Oybek Azimov kabi shogirdlariga tajribasini ulashmoqda.

Kasbidan tashqari Ra’no opa kitob mutolaasi va sport bilan shug‘ullanishni sevadigan inson. Onasidan olgan hayotiy saboqlarini hamisha yodda tutadi: “Bolam, ishingni sev. Sen ishdan emas, ish sendan qochsin. Shijoatli va g‘ayratli bo‘l”.

— “Bu kasb juda mas’uliyatli. Kran mashinistidan yuqori diqqat va malaka talab qilinadi. Ishimni va jamoamni juda yaxshi ko‘raman”, — deya so‘zini yakunladi Ra’no Sultanova.

Sirdaryo IES Matbuot xizmati