#IESyoung: Obeyktivda – Gulshana Karimova
Kasblar ko‘p ammo ular ichida eng qiziqarlisi, kerak bo‘lsa mashaqqatlisi ham aslida energetika kasbi ekan. Chunki men bolalik davrlarimda uchuvchi bo‘lishni orzu qilardim, ammo bugun energetiklar shahrida, energetiklar maskanida, energetik qizman, - deydi Sirdaryo IES markazlashtirilgan ta’mirlash sexi xodimasi Gulshana Karimova.
1998-yil Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida tug‘ilgan Gulshananing ilk ta’lim dargohi energetiklar shahridagi 2-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Maktabni tamomlagach shahardagi energetika kolleji (hozirda energetika texnikumi)ga, issiqlik elektr stansiyalari yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni davom ettirdi. 2016-yil kollejni tamomlab, Toshkent davlat texnika universitetiga issiqlik energetikasi fakultetiga o‘qishga kirdi.
O‘z ish faoliyatimni 2020-yil Sirdaryo IESning markazlashtirilgan ta’mirlash sexida kompressor bo‘limida mashinist sifatida boshladim. Ayni damda ushbu sexda chilangar qiz bo‘lib ishlab kelmoqdaman. Kasb mashaqqati, mas’uliyati va sir asrorlarini o‘rgatgan va hali-hamon o‘rgatib kelayotgan ustozlarim Dilfuza Ergasheva hamda Shahlo Bo‘tayevalardan minnatdorman, deydi qahramonimiz.
Bolalik davrlarimda mahallamizdagi dugonalarim bilan turli o‘yinlar o‘ynar edik, ammo men, har gal samolyotda uchuvchi qiz obrazida bo‘lardim. Ulg‘aydim va hayot yo‘llari meni boshqa sohalar tomon yetaklab ketdi. Ammo ishimni, kasbimni ahil jamoamni juda yaxshi ko‘raman.
Ishdan bo‘sh vaqtlarimda turli shirinliklar, salatlar va taomlar qilishni juda yaxshi ko‘raman. Hayotdagi maqsadlarim juda ko‘p. Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz yoshlari uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Men ham kelajakda o‘zimning mo‘jazgina qandolat ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkorlik ishini ham yo‘lga qo‘ymoqchiman, - deydi Gulshana Karimova.
Korxonamizda men kabi intiluvchan va tashabbuskor yosh energetik qizlar juda ko‘p. Biz vatan ravnaqi, yurt kelajagi yo‘lida o‘z bilim va izlanishlarimizni, sadoqat hamda g‘oyalarimizni safarbar etadigan yoshlarmiz – deydi, IESyoung loyihasining bu galgi mehmoni Gulshana Karimova.
Sirdaryo IES Matbuot xizmati