Ishlab chiqarishda zamonaviy energoqurilmalar quvvati tobora ortib bormoqda
Xabaringiz bor, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ investitsiya dasturiga ko‘ra, Navoiy IES-3 investitsiya loyihasi asosida 650 MVtli 3-son bug‘-gaz qurilmasi qurilmoqda.

Hozirda, qurilish maydonchasida bug‘ va gaz turbinalari, generatorlar, qozonlar va boshqa asosiy hamda yordamchi energoqurilmalar uchun zamonaviy inshootlar barpo etilmoqda.
Shuningdek, loyihadagi asosiy nuqtalardan biri – ishlab chiqarilgan elektr energiyasini barqaror va ishonchli tarzda yagona energotizimga uzatish hisoblanadi. Shu bois, loyihaning quvvatini energotizimga uzatish maqsadida, 500 kV kuchlanishga ega ochiq taqsimlash qurilmasini qurish ishlari ham yuqori sur’atlarda olib borilmoqda.

500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalari maydonida Yevropa davlatlaridan keltirilgan qurilmalar – 2 ta ta kuch avtotransformatori, 7 ta elegaz ajratkichi va 12 ta o‘ta kuchlanishdan himoya qurilmalari, 23 ta qo‘shib-ajratkich uskunalari o‘rnatiladi.
Loyiha 2026-yil yakunida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, mamlakat energotizimiga qo‘shimcha 4,8 mlrd. kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Navoiy IES Matbuot xizmati