Islom sivilizatsiyasi markazi – yoshlar ma’naviy kamolotining muhim maskani

Islom sivilizatsiyasi markazi – yoshlar ma’naviy kamolotining muhim maskani

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJda iyun oyi “Yoshlar oyligi” doirasida yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

Shu kabi tadbirlardan biri sifatida korxona tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlarning Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan, Ginness rekordlar kitobiga kiritilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi uyushtirildi.

Tadbirda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, Toshkent IEM, Toshkent issiqlik markazi hamda “O‘zenergosozlash” korxonalarida mehnat qilayotgan bir guruh yoshlar ishtirok etdi.

Tashrif davomida ishtirokchilar markaz faoliyati, nodir tarixiy eksponatlar, shuningdek, Birinchi, Ikkinchi va Uchinchi Renessans davrlarining taraqqiyot bosqichlari hamda ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Mazkur ma’rifiy sayohat yoshlarning tarixiy merosimizga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, milliy o‘zlikni anglash va intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati