“ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ: 2022-2023 YILLAR KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK ISHLARIGA START BERILDI
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalari tomonidan 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga start berildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Boshqaruv raisi boshchiligida tizim korxonalarining rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 90 foizini yetkazib berayotgan issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida 2022 yil rejasiga asosan jami 30 ta ob’ektda, shu jumladan, 12 ta energoblok, 1 ta turboagregat, 9 ta kozonagregati, 7 ta BGQ, 1 ta GTQ ta’mirlash ishlari amalga oshirilishiko‘zda tutilgan.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ishlab chiqarish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi G‘olib Salimyorovning ta’kidlashicha, bundan tashqari IES va IEMlar energoqurilmalarida rejali joriy ta’mirlash ishlari olib boriladi, bunda 35-110-220-500 kV kuchlanishli ochiq taqsimot qurilmalarida (OTQ), energoob’ektlar temir yo‘llarida, bino va inshootlarda, hamda barcha yordamchi qurilmalarni ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida ishlab chiqarilgan jadval-rejasiga asosan ishlar olib boriladi.
Shu bilan birga, joriy ta’mirlash mavsumini sifatli tashkil etish bo‘yicha xodimlar va mutaxassislar malakasini oshirish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Stansiya va markazlarda 2022 yilda kapital, o‘rta va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun ta’mirlash fondining prognoz hajmi 1 trln. so‘mdan ortiq, shu jumladan ehtiyot qismlar va boshqa tovar-moddiy boyliklar uchun 751,8 mlrd. so‘m, mehnat harajatlari uchun 251,7 mlrd. so‘mni tashkil qilmoqda.
Ta’mir va modernizatsiya ishlari bajarilishi natijasida issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini 237 MVt hamda issiqlik energiyasi hajmini esa 301 tonna/soatga oshirishga erishish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda ta’mirlash ishlari davomida ijro intizomini ta’minlash, belgilangan ish rejaga to‘liq rioya etish, sozlash ishlarini sifatli amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati.