“ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ: 2023-YILNING ASOSIY KO‘RSATKICHLARI

“ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ: 2023-YILNING ASOSIY KO‘RSATKICHLARI

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ bugun mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi asosiy generatsiya tarmog‘i hisoblanadi. Tarmoq korxonalarining yurtimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasidagi ulushi 70 foizdan ko‘proqni tashkil etadi. 

2023-yil davomida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan jami 54,2 mlrd.kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu rejaga nisbatan 1,4 mlrd.kVt.soatga ko‘p bo‘lib, qo‘yilgan vazifa 102,6 foizga bajarildi.

2023-yilda investitsiya loyihalari doirasida 622,63 mln. AQSH dollari o‘zlashtirildi, bunda belgilangan reja ijrosi 100,1 foizni tashkil etdi. Investitsiya dasturi doirasida yangi, zamonaviy, energotejamkor qurilmalarni joriy etish maqsadida, Tolimarjon IES AJda 1065 MVt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmasini qurishga start berildi. Toshkent IEMda 64 MVt ga teng ikkita gaz turbinasi qurilmalari ishga tushirilish arafasida.

Issiqlik elektr stansiyalarini 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida jami 53 ta energoqurilmalarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada energoqurilmalarning mavjud quvvati 209 MVt hamda qozon qurilmalarining ishlab chiqarish quvvati 483 tonna/soatga oshirilishiga erishildi. Shuningdek, poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi “Chilonzor-5” va Shoyxontohur tumanidagi “G‘arbiy-3” sonli issiqlik markazlari qozonxonalari modernizatsiya qilindi. Chilonzor tumanining “Oqtepa” va “Bog‘zor” mahallalari hududida yangi, zamonaviy, energotejamkor kogeneratsiya qurilmasi barpo etildi. Bu yerda 4,6 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 2 ta gaz-porshen qurilmasi hamda 25,4 Gkall issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi 2 ta Bosch qozonlari o‘rnatildi. Natijada issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 90 foizga kamaytirilishiga, qo‘shimcha yiliga 32,0 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga hamda 1,0 mln. kubmetr tabiiy gazni tejash imkoniyati paydo bo‘ldi. 

Hisobot davrida aksiyadorlik jamiyatida korporativ boshqaruv va strategik rivojlanish yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Jamiyat jahonda rivojlangan kompaniyalar qatorida respublikada birinchilardan bo‘lib, ISO 27001 (axborot xavfsizligi),  ISO 44001 (korporativ boshqaruv) hamda ISO 50001 (energo tizim boshqaruvi), ISO 45001 (mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi), ISO 14001 (ekologik xavfsizlik) xalqaro sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Katta to‘rtlik (big four) tashkilotlari sarasiga kiruvchi Deloitte va KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasining tegishli xulosalariga ko‘ra, 2023-yilning 11-yanvarida “Fitch Rating” xalqaro reyting agentligi aksiyadorlik jamiyatining xalqaro indikativ reytingini “BB-” “Barqaror” darajada baholadi va O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingiga teng darajada e’lon qildi. Shu bilan birga, Jamiyatning korporativ boshqaruv tizimini 2023-yil yakuni bo‘yicha baholash natijasiga ko‘ra, 784 ball berildi va jamiyatda korporativ boshqaruv tizimi holati “yuqori” deb e’tirof etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Korporativ boshqaruvining zamonaviy amaliyoti va tamoyillari” kursida Jamiyatning 7 nafar rahbar xodimlari (raisi, o‘rinbasarlari va boshqarma boshliqlari) o‘qitildi va test sinovlari natijasiga ko‘ra sertifikatlar olindi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ inson kapitaliga  doimiy e’tibor qaratadi. Shu maqsadda 2023-yilda Jamiyat xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakalarini oshirish bo‘yicha yillik reja-jadval ishlab chiqildi. Unga asosan yil davomida 2 500 ga yaqin xodimning malakasi oshirildi. Jumladan, 366 nafar xodim stansiyalararo tajriba almashishga jalb etildi, 279 nafar xodim “Kelajak energetikasi” o‘quv markazida malaka oshirdi, 26 nafar Releli himoya va avtomatika xizmati xodimlari “AVTOKAD” dasturi bo‘yicha o‘qitildi. Shuningdek, xodimlar uchun mehnat kodeksining yangi tahriri, davlat xaridlarini amalga oshirish, murojaatlar bilan ishlash kabi qator huquqiy yo‘nalishlar bo‘yicha ham bir nechta seminarlar tashkil etildi. 2023-yilning dekabr oyida Jamiyat va tizim korxonalarining 48 nafar xodimlari Yaponiya, Germaniya, Italiya, BAA, Turkiya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi hamda Tojikiston davlatlarida tashkil etilgan turli xalqaro forum va seminarlarda malaka oshirib qaytdilar.

Jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari hamda majlis bayonlari topshiriqlari ijrosini ta’minlashga ustuvor masala sifatida qaraladi. 2016-2023-yillar davomida “IES” AJ va uning tizim korxonalarida ijrosini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Hisob Palatasida nazoratga olingan jami 60 ta hujjat (8 ta Farmon, 22 ta Qaror, 1 ta Farmoyish va 29 ta Bayon) bilan belgilangan 230 ta topshiriq bo‘yicha ish olib borildi. 2023-yil yakuniga ko‘ra ulardan 185 ta topshiriq bajarilgan  45 tasi bajarilmoqda. Topshiriqlarning ijro holati har haftaning dushanba kuni boshqaruv raisi, haftaning har juma kuni esa boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari huzurida muhokama qilib borilmoqda. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan bog‘liq munosabatlar  O‘zbekiston Respublikasining  2017-yil 17-sentabrdagi  O‘RQ-445-son Qonuniga asosan tartibga solinadi. 2023-yilda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 126 ta murojaat kelib tushgan va ularning barchasi qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilgan. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati