“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ: Navoiy IESda bunyod etilayotgan bug‘-gaz qurilmasiga press-tur

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ: Navoiy IESda bunyod etilayotgan bug‘-gaz qurilmasiga press-tur

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ investitsiya loyihasi asosida Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatga ega 3-sonli yangi bug‘-gaz qurilmasini barpo etish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Investitsiya loyihasining umumiy qiymati 786,71 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

Loyihaning bosh pudratchisi sifatida Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” va “Mitsubishi Power Ltd.” kompaniyalari konsorsiumi, subpudratchi sifatida esa Turkiyaning “Çalık Enerji” kompaniyasi ishtirok etmoqda.

Loyiha doirasida zamonaviy va yuqori samaradorlikka ega energetika obyekti qurilmoqda. Ayni paytda qurilish maydonida 4 370 nafardan ortiq mutaxassis mehnat qilmoqda. Ularning asosiy qismini mahalliy ishchilar va muhandislar tashkil etadi. Shuningdek, qurilish ishlariga 774 nafar xorijlik muhandis-texnik mutaxassis jalb qilingan.

Qurilish jarayonlarida 185 dan ortiq maxsus texnika va mexanizmlar faol ishtirok etmoqda. Investitsiya loyihasi doirasida Yaponiya, Xitoy, Turkiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy energetika uskunalari o‘rnatilmoqda.

Loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 4,8 mlrd kVt·soat elektr energiyasi va soatiga 200 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shuningdek, yiliga 870 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Ayni vaqtga qadar qurilish maydoniga asosiy qurilmalar yetkazib kelingan va ularni o‘rnatish ishlari amalga oshirilgan. Hozirda qurilish-montaj va sozlash ishlari, shuningdek, yordamchi uskunalarni o‘rnatish jarayonlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.

Loyihaning asosiy energetika uskunalari Yaponiyaning “Mitsubishi Power Ltd.” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan. Jumladan, gaz turbinasining quvvati 479,9 MVt, bug‘ turbinasining quvvati esa 176,4 MVtni tashkil etadi. Gaz turbinasi generatorining quvvati 640 000 kVA, bug‘ turbinasi generatorining quvvati esa 253 000 kVAga teng.

Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-apreldagi tegishli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-sentabrdagi 549-son va 2020-yil 9-oktabrdagi 639-son qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi 500/220 kV podstansiyada dastlabki kuchlanish berildi
Yana bir muhim yangilik – 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi 500/220 kV podstansiyani ishga tushirish yo‘nalishida muhim bosqich amalga oshirildi.

Xususan, podstansiyaning 220 kV shinalariga dastlabki kuchlanish muvaffaqiyatli berildi. Natijada Navoiy IES hamda 300 MVt quvvatli “Gibrid” quyosh fotoelektr stansiyasi mazkur podstansiya orqali o‘zaro bog‘landi.

Yangi podstansiya O‘zbekiston yagona energetika tizimining janubi-g‘arbiy va shimoliy qismlari o‘rtasidagi elektr aloqalarini mustahkamlash, elektr energiyasini yuqori kuchlanishda ishonchli uzatish hamda tizim barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Navbatdagi bosqichda yangi 650 MVt quvvatli bug‘-gaz qurilmasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini ushbu podstansiya orqali yagona energetika tizimiga uzatish uchun tegishli qurilmalarga kuchlanish berish rejalashtirilgan.

Bu esa bug‘-gaz qurilmasida yakuniy sinov va tekshiruv ishlarini o‘tkazish hamda uni bosqichma-bosqich ishga tushirish uchun zarur sharoit yaratadi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati