“ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ: “RAQAMLI O‘ZBEKISTON - 2030” STRATEGIYASI ASOSIDA OLIB BORILAYOTGAN CHORA-TADBIRLAR

“ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ: “RAQAMLI O‘ZBEKISTON - 2030” STRATEGIYASI ASOSIDA OLIB BORILAYOTGAN CHORA-TADBIRLAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, farmon ijrosini ta’minlash maqsadida jamiyatda raqamli transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan. 

Avval xabar berganimizdek, dastur doirasida elektr stansiyalari faoliyatini markazlashgan holda masofadan onlayn nazorat qilish maqsadida situatsion-monitoring markazi tashkil etildi. 

Markaz:

- real vaqtda issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonini onlayn monitoringini olib borish; 

- elektr energiyasi ishlab chiqarilishi uchun shartli yoqilg‘i sarfi, uning zahirasi nazoratini yuritish;

- avariyaviy holatlar oldini olish maqsadida stansiyalarda tashkil etilgan mas’ul xodimlardan iborat, kunu-tun faoliyat yurituvchi operativ navbatchilik guruhlari ishini muvofiqlashtirish ishlarini olib bormoqda.

Iste’molchilarga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish, elektr va issiqlik energiyasi narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida,2022 yilda yoqilg‘i sarfini kamaytirish, operatsion samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida mahsulot tannarxi 1,36 trln. so‘mga pasaytirildi. Bunda belgilangan reja 118,3 foizga bajarildi.

Shuningdek,  “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida moliya-buxgalteriya hisobini yuritish, omborlarda tovar-moddiy boyliklarning harakatini muvofiqlashtirish, shartnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarini avtomatlashtirish va kadrlar ish samaradorligini yuritish maqsadida 1:S “enterprice” platformasi asosida raqamlashtirilgan ishlash tizimi tashkil etilgan. 

Korxonalarda tovar-moddiy resurslardan samarali foydalanish, ularning harakatini kuzatish bo‘yicha soliq organlarining “Ye-aktiv” (E-ombor) avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan. Ushbu raqamlashtirilgan tizim vositasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va uning tarkibiga kiruvchi barcha korxonalarda tovar-moddiy resurslar harakatining onlayn hisobini yuritish, ulardan noqonuniy foydalanishning oldini olish imkoniyati yaratildi.

Ayni paytda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va uning tizim korxonalarida moliyaviy, xo‘jalik va tashkiliy jarayonlarni monitoring qilish hamda boshqarish tizimi (ERP)ni joriy etish ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyiha JICA – Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magida Mitsubishi kompaniyasi ekspertlari ishtirokida olib borilmoqda. Ushbu ishlar To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida to‘liq yo‘lga qo‘yilib, u moliyaviy, xo‘jalik va tashkiliy jarayonlarni monitoring qilish hamda boshqarish imkonini bermoqda.

Raqamlashtirish texnologiyalari elektr stansiyalarida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tizimiga ham joriy etilmoqda. Ayni paytda Taxiatosh IES, To‘raqo‘rg‘on IES va Tolimarjon IES korxonalarida atmosfera havosini ifloslantirish manbalaridan namuna olish va tahlil qilish bo‘yicha o‘rnatilgan avtomatik stansiyalarni aholi yashash manzillariga tutash hududlardagi statsionar kuzatish punktlari yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilindi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati