
“ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ TALABA YOSHLAR UCHUN ZAMONAVIY LABORATORIYANI ISHGA TUSHIRDI
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti bilan o‘zaro hamkorlik doirasida ta’lim maskanining Issiqlik energetikasi fakulteti “Sanoat issiqlik energetikasi” kafedrasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ laboratoriyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent davlat texnika universiteti va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ uzoq yillardan buyon sohaga yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilib keladi. Ikki tomonlama tuzilgan memorandumga asosan raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, malaka oshirish kurslarini tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va o‘quv uslubiy yo‘nalishlarni tashkil etishga ko‘maklashish hamda universitet moddiy-texnik bazasini takomillashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ko‘p yillik tajribalarga ko‘ra, Issiqlik энергетикаси fakultetidagi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ o‘quv-laboratoriyasi qayta ta’mirlandi va jihozlandi. Uning ochilish marosimida universitetning professor-o‘qituvchilari, faxriy energetiklar, talaba-yoshlar va albatta, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning bir qator mas’ullari qatnashdilar.


-O‘quv-laboratoriyasi xonasidagi mavjud Energoqurilmaning maketi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 2 ta ELB-171.022.033 rusumli Issiqlik almashuvi qurilmalarining turli xil konstruksiyalarini sinash va ELB-171.016.01 rusumli bug‘dan suvga o‘tkazish laboratoriya uskunalari o‘rnatildi. Qolaversa, talabalarga qulaylik yaratish maqsadida xona interaktiv doska va konditsioner bilan jihozlandi, - deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Feruza Turg‘unova.


Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugun mamlakatimizda energetika sohasini rivojlantirish, unga zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni olib kirish masalasi har doimgidan ham muhimligini va bu borada yetuk bilimli kadrlar suv va havodek zarur ekanini ta’kidladilar. O‘z navbatida talaba-yoshlar ham yaratilgan sharoit uchun minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yil boshida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Toshkent davlat texnika universiteti Energetika fakulteti faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, tizim korxonalarida professor- o‘qituvchilar uchun ilmiy va nazariy izlanishlarni o‘zaro integratsiya qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yil boshidan beri ta’lim maskanining 15 nafar vakillari “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tasarrufidagi stansiyalar va markazlarida o‘z ilmiy tadqiqotlari bo‘yicha ish olib bordilar. 85 nafar talaba-yoshlar esa tizim korxonalari va filiallarida diplom oldi amaliyotlarini o‘tadilar. Hozirda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning 120 nafar xodimi universitetda tahsil olyapti. Ularning bilimini oshirish maqsadida soha faxriylari, professor-o‘qituvchilar ishtirokida doimiy ravishda turli mahorat-darslari ham o‘tkazib kelinyapti.


Yana bir ma’lumot, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PQ-28-sonli “Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Nazorat-rejasi ishlab chiqildi. Unga asosan, Toshkent davlat texnika universiteti Energetika fakultetida talabalarni o‘qitish bilan bir vaqtda zamonaviy, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbaalari asosida ishlovchi mahalliy va xorijiy elektr stansiyalarida amaliyot o‘tashlari uchun qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati