“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar
bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 10 ta ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini muvofiqlashtirib kelmoqda.
Kuz-qish mavsumini barqaror va ishonchli o‘tkazish, tizim korxonalarining uzluksiz hamda samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, shuningdek, mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklar va avariyaviy holatlarning oldini olish maqsadida kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur dastur jami 393 ta bandni qamrab olib, unda asosiy va yordamchi uskunalarni ta’mirlash, texnik qurilmalarning ishonchliligini oshirish, muhandislik kommunikatsiyalarini ko‘rikdan o‘tkazish, zarur ehtiyot qismlar va moddiy-texnik resurslar zaxirasini shakllantirish hamda ishlab chiqarish ob’ektlarining mavsumga tayyorgarligini ta’minlash kabi muhim vazifalar belgilangan.
bugungi kunga qadar dasturda nazarda tutilgan barcha 393 ta chora-tadbir belgilangan muddatlarda to‘liq bajarilib, tizim korxonalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazildi.
Ta’mirlash kompaniyasi
Joriy yilda tizim korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlarining ishonchliligi va samaradorligini oshirish, uskunalarning texnik holatini yaxshilash hamda kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida jami 28 ta asosiy qurilmada mukammal va o‘rta ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan edi.
Jumladan, ta’mirlash dasturi doirasida 5 ta energoblok, 12 ta qozon, 3 ta bug‘-gaz qurilmasi, 3 ta gaz-turbina uskunasi, 2 ta gaz-porshenli agregat hamda 3 ta turbogeneratorda ta’mirlash ishlari olib borildi. Ta’mirlash jarayonlarida qurilmalarning texnik holatini yaxshilash, asosiy va yordamchi uskunalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, mavjud nuqsonlarni bartaraf etish hamda ularning ekspluatatsiya davridagi samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. bugungi kunga qadar belgilangan barcha 28 ta qurilmada mukammal va o‘rta ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi.
Mavsumga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhi tomonidan joylarda qo‘shimcha nazorat tadbirlari tashkil etildi, natijada qo‘shimcha ravishda kamchiliklari aniqlangan 12 ta energoqurilmalarda kengaytirilgan joriy ta’mir ishlari bajarildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida qurilmalarning mavjud ishlab chiqarish quvvatini 116 MVtga tiklash, shuningdek, qozon qurilmalarining bug‘ ishlab chiqarish quvvatini soatiga 60 tonnaga oshirish imkoniyati yaratildi.
Mazkur ishlar tizim korxonalarining ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash, energetika uskunalarining texnik tayyorgarligini oshirish, mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olish hamda iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror va uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi.
Mavsumda ishlab chiqarish
Kuz-qish mavsumi davomida iste’molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan barqaror hamda uzluksiz ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va zarur yoqilg‘i resurslari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari shakllantirilgan.
Jumladan, mavsum davomida jami 14,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi hamda 5,9 mln Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ushbu prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlash uchun stansiyalarda 3,2 mlrd kub metr tabiiy gaz va 3,1 mln tonna ko‘mir sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Belgilangan ishlab chiqarish hajmlariga erishish maqsadida stansiyalarning mavjud quvvatlaridan samarali foydalanish, asosiy va yordamchi uskunalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, yoqilg‘i resurslaridan oqilona foydalanish hamda ularning belgilangan hajmlarda yetkazib berilishini muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, mavsumga puxta hozirlik ko‘rish maqsadida yoqilg‘ini qabul qilish, saqlash va undan foydalanish tizimi texnik nazoratdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilib mavsumga shay holatga keltirildi.
Ekologiya va atrof-muhitni asrash
Kuz-qish mavsumida ishlab chiqarish va yoqilg‘i sarfining oshishi natijasida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalasi dolzarb bo‘lib qoladi. Bu borada “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda ishlab chiqarishning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik nazoratni kuchaytirish ISO 14001 xalqaro standarti asosida ekologik boshqaruv yo‘lga qo‘yilgan.
5 ta korxonada 10 ta qo‘shimcha gaz tozalash filtrlari joriy etilgan, 11 ta chang-gaz tozalash qurilmasida ta’mirlash va ko‘rikdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi hamda yonish jarayonlarini yaxshilash uchun qozonlar rejim xaritalari bilan ta’minlangan.
Ekologik monitoring va laboratoriya nazorati yo‘nalishida korxonalarda 19 ta avtomatik monitoring stansiyasi o‘rnatilgan bo‘lib, ularning barchasi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi axborot tizimlariga integratsiya qilingan. Sanitariya-muhofaza zonalaridagi 23 ta ekologik kuzatuv postining 19 tasi integratsiya qilingan.
Shuningdek, 8 ta ekologik laboratoriyada havo va suv sifati muntazam tekshirilmoqda.
Tashkiliy tadbirlar
Ayni paytda barcha elektr stansiyalar va markazlarda navbatchilik asosida energoqurilmalarning uzluksiz va barqaror ishlashi jarayonini muvofiqlashtiruvchi maxsus tezkor shtablar faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Mavsumni betalofat o‘tkazish uchun ular tarkibiga 2 mingdan ortiq malakali mutaxassis hamda 64 ta maxsus texnika biriktirilgan. Rahbar va mas’ul mutaxassislardan iborat 68 ta tunu kun faoliyat olib boruvchi navbatchilik guruhlari ish olib boryapti.
Mavsumni betalofat va barqaror o‘tkazish bo‘yicha situatsion-tahliliy onlayn dispetcherlik markazining sutkasiga 24 soat, tunu-kun faoliyati amalga oshirilmoqda.
- Markaz real vaqtda issiqlik elektr stansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonini onlayn monitoringini amalga oshiradi;
- mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha elektr energiyasi ishlab chiqarilishi uchun shartli yoqilg‘i sarfi, uning zahirasi nazoratini olib boradi;
- masofadan turib avtotransport vositalari harakatini, yoqilg‘i saqlash ob’ektlari faoliyatini kuzatib boradi;
- avariyaviy holatlar oldini olish maqsadida stansiyalarda tashkil etilgan mas’ul xodimlardan iborat, tunu-kun faoliyat yurituvchi qo‘shimcha navbatchilik guruhlari bilan birgalikda ishlaydi;
- Uskunalarning ishonchliligiga ta’sir etuvchi kamchiliklarni aniqlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda stansiyalarga amaliy yordam ko‘rsatadi;
Ushbu ishlarni masofadan turib samarali tashkil etish bo‘yicha markaz zamonaviy axborot-kommunikatsiya uskunalari bilan jihozlangan. Ishga malakali mutaxasislar jalb etilib, ular uchun barcha zarur shart sharoitlar yaratilgan.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati