“ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ: XAVFSIZLIK TEXNIKASI OYLIGI BOSHLANDI

“ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ: XAVFSIZLIK TEXNIKASI OYLIGI BOSHLANDI

Bugun, 1-iyun kuni “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ filiallari va tizim korxonalarida xavfsiz ish sharoitlarini ta’minlash, jarohatlanishlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlarini kuchaytirish, xodimlar malakasini oshirish maqsadida xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rik oyligi  boshlandi. 

Oylik davomida bexatar ish sharoitlarini tashkil etish ko‘nikmalarini hosil qilish uchun xizmatlar va sexlar o‘rtasida kasb mahorati tanlovlari o‘tkaziladi va bu borada xodimlarning bilim darajasi oshirilishiga erishiladi.

Ish joylari xavfsizlik texnikasi qoidalariga muvofiqligi korxonaning mas’ul xodimlari tomonidan har kuni tekshirilib, hafta yakuni bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Himoya vositalari, yo‘riqnomaviy-ma’lumot materiallari, hujjatlar, shuningdek, maxsus kiyim-boshlarning holati tekshirilib, tartibga keltiriladi. 

Xavfsizlik oyligiga korxona xodimlari qatori elektr stansiyalari va markazlari uchastkalari hamda pudratchi tashkilotlar xodimlari ham jalb qilinadi. 

-Mazkur ko‘rik oyligini o‘tkazishdan maqsad, xodimlarning mehnat, ishlab chiqarish va texnologik intizomga rioya qilishlari  ustidan nazoratni kuchaytirishdan iborat, - deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi bo‘limi boshlig‘i Abror Sultonov. 

Markaziy ko‘rik komissiyasi korxonalar bo‘yicha ko‘rikning dastlabki xulosalarini 2023 yil 15 iyulgacha, yakuniy xulosalarini 2024 yil 20 yanvargacha topshiradi.

Ko‘rik bo‘yicha markaziy komissiya qaroriga muvofiq 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan issiqlik elektr stansiyalari va markazlari hamda pudratchi korxonalarga pul mukofotlari topshiriladi. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati