
ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARIDA MUQOBIL ENERGIYA MANBALARINI RIVOJLANTIRISHGA ALOHIDA E’TIBOR BERILMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4422-son qarori asosida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalarida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

bugungi kunda issiqlik elektr stansiyalarda 34 ta chastota o‘zgartirgich qurilmalar, 50 ta kichik quvvatdagi quyosh foto elektr stansiyalari, 42 ta quyosh suv isitgichlari, 246 ta quyosh panelli yoritish chiroqlari va 914 ta sensorli yoritish datchiklari o‘rnatildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ma’muriy binosi tom qismida 116 ta quyosh panellaridan iborat quvvati 40 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatilib binoning mavjud elektr energiya ta’minoti tizimiga ulandi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qurilmalarni o‘rnatilishi natijasida o‘tgan yil davomida tizim korxonalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun 1 mln. kVt.soatga teng elektr energiyasi va 719,5 Gkal issiqlik energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi.


Shuningdek, davlatimiz rahbarining bir qator topshiriqlari asosida “Farg‘ona IEM” AJda quvvati 1800-2000 kVt va “Sirdaryo IES” AJda quvvati 1200-1500 kVt bo‘lgan quyosh foto elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan, ayni damda loyihani tender oldi muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu loyihani amalga oshirish ishlariga 3,7 mln. AQSH dollariga teng mablag‘ jalb etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha yiliga o‘rtacha 8,7 mln. kVt.soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi va qariyb 1 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiiga erishiladi.


“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati