ITALIYALIK MUTAXASSISLAR “NAVOIY IES” AJ FAOLIYATI BILAN TANISHDILAR
Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Italiyaning “AS BOILERS S.p.A.”, “Imagro Construction Srl”, “Ansaldo Energia” va “SYNERGY SA” kompaniyalari “ekologik toza” kombinatsiyalashgan energiya uskunalarini o‘rnatgan holda an’anaviy energobloklar quvvatlarini oshirish maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalarida o‘rganishlar olib borishyapti. Navbatdagi manzil “Navoiy IES” AJ bo‘ldi.
Dastavval mutaxassislar korxona faoliyati, mavjud energobloklarning ishlab chiqarish quvvatlari, stansiyada yaqin yillarda amalga oshirilgan investitsiya loyihalari va modernizatsiya chora-tadbirlari bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng davra suhbati tashkil etilib, unda korxona bosh direktori Akmal Fayziyev ishtirokida energoqurilmalar quvvatlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan texnik loyihalar muhokama etildi.
-Ishonchim komil, stansiyalarimizda xorijning generatsiya bo‘yicha yetakchi kompaniyalari ishtirokida olib boriladigan modernizatsiya ishlari elektr energiyasi ishlab chiqarishda hozirda mavjud barqarorlikni yanada oshirish bilan birga yoqilg‘i tejamkorligi va samaradorligiga erishish yo‘lida olib borayotgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi,- deydi “Navoiy IES” AJ bosh direktori Akmal Fayziyev.
Ma’lumot o‘rnida, Italiyalik mutaxassislar shu kunga qadar “Sirdaryo IES” AJ, “Toshkent IES” AJ elektr stansiyalarida bo‘lib, ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
“Navoiy IES” AJ Matbuot xizmati