
Kadrda – Botirali Hakimov
Kitob maslahatchi, sadoqatli hamroh, eng yaqin do‘st va bebaho boylik hisoblanadi. Jahon madaniyatiga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz erishgan betakror yutuqlarning sababi ham kitob mutolaasidir, - deydi #IESbookclub loyihasining navbatdagi mehmoni, Farg‘ona IEM filiali Energiya samaradorlikni tashkil etish bo‘yicha yetakchi muhandis Botirali Hakimov.

Mahoratli yozuvchi Nodar Dumbadzening “Qo‘rqmang, onajon” nomli romanida insonning sabri, hayot sinovlari-yu, hayotning o‘zi insonni naqadar tarbiyalab qo‘yishi, barcha insoniy kechinmalar 10 yoshida ota-onasidan baravariga ayrilgan, yetimlikda katta bo‘lgan Jakeli ismli yigit hayoti misolida juda aniq va his-tuyg‘ularga boy qilib tasvirlangan. Jakeli yetimlikda o‘sgani bois tap-tortmas bo‘lib voyaga yetadi. Aynan shu fe’li sabab ko‘plab davralarda turtkilanib kaltaklanadi. Lekin harbiy xizmat uning qarashlarini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Asar qahramonining yuragini yetimlik va yolg‘izlik hissi ezgani bois, u har safar onasi bilan g‘oyibona suhbatlashib, unga dardlarini aytib yengil tortadi. Asar insonni chuqur o‘ylab mulohaza qilishga undaydi.

Buyuk bobomiz sohibqiron Amir Temurning odil siyosati, insonparvarligi, kuch va matonati, bag‘rikengligi, jasurligi saxiyligi va sadoqati, maqsadlariga erishish yo‘lida chekkan zahmatlari tasvirlangan turk yozuvchisi Dondar Alpning “Sharqning eng buyuk hukmdori” nomli romanini o‘qir ekansiz qalbingizda o‘zgacha bir faxr tuyg‘usini tuyasiz. Uning boshqa millat yozuvchisi tomonidan yozilgani esa barchamizni g‘ururlantirishi shubhasiz.

Jahon adabiyoti turkumiga mansub GI De Mopassanning “So‘nggi afsus” nomli hikoyalar to‘plami insonga to‘g‘ri hayotiy saboq olish uchun kerakli qo‘llanma hisoblanadi. Asarda nafaqa yoshiga yetganda hayotning og‘ir sinovlariga duch kelgan, keksalik gashtini sura olmagan, buning oqibatida hech kimga ishonmay qo‘ygan bir qariya hayoti tasvirlangan. Undagi voqealar insonni o‘ylashga va kerakli xulosa chiqarishga undaydi.

Inson qadr-qimmati, erkinlik, farovon kunlar, yaqinlar diydori eng asosiysi bebaho bo‘lgan tinchlik-hotirjamlikning qadriga yetishga undovchi yozuvchi Abdurashid Nurmurodovning “O‘lim ko‘z yosh to‘kkanda” nomli kitobini o‘qigan inson mana shu kunlarga yetish oson bo‘lmaganligini, buning uchun qanchadan-qancha begunoh inson o‘z jonini qurbon qilganligini, bu kunlarga yetish orzusida yashaganligini tushunib yetadi. Bu esa insonda o‘tkan kunlarga achinish, mard ota-bobolarimizga, sadoqatli onalarimizga nisbatan faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Bundan tashqari insonda hozirgi baxtiyor kunlarga shukronalik hissini anglatadi.

Farg‘ona IEM Matbuot xizmati