
Kadrda – Dilbar Ernepesova
Kitob o‘qigan insonning o‘ziga ishonchi ortadi. Boisi, kitobdan olgan ilmlari unga kuch beradi. Atrofdagi odamlar bilan kechadigan suhbatlarda ham bu sezilib turadi, - deydi “Taxiatosh IES” AJ Ta’mirga tayyorlash va o‘tkazish bo‘limi muhandisi Dilbar Ernepesova.

“Oxirat uyqusi”. Mazkur roman Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Muratbay Nizanov qalamiga mansub. U inson tabiatidagi chigalliklari, hayotning turfa ziddiyatlarini haqqoniy yoritishdan cho‘chimagan. Muallif o‘z qahramonlari boshidan kechirgan murakkab vaziyatlarni ortiqcha ranglarga bo‘yamasdan, nihoyatda ishonarli tarzda gavdalantirishga harakat qilgan. Roman qahramoni O‘tamurod oxirat uyqusiga ketish oldidan o‘z hayotini kinolenta kabi ko‘z oldidan o‘tkazadi. U odamlarga qilgan yaxshiliklarini, bilib-bilmay yo‘l qo‘ygan xatolarini, yaqinlariga nisbatan xiyonatlarini sarhisob qiladi. Asar insonni o‘tayotgan har bir kunidan saboq chiqarishga o‘rgatadi.

“Qoraqalpoqnoma”. Bu roman Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov qalamiga mansub. Asar qoraqalpoq xalqining vujudga kelishi afsonasi bilan boshlanib, qoraqalpoq xalqining odatlari, qadriyatlaridan tortib, ko‘plab hayotiy nasihatlarni qamrab oladi. Asar shunchaki tarixiy bir esse bo‘lib qolmay, unda adib o‘zining hayotdan olgan tajribasi va xulosalari bilan ham bo‘lishadi. Asardagi mana bu birgina nasihatga e’tibor bering: “Har bir odam ertalab ishga ketayotib o‘ziga-o‘zi “Kimsan?” deb so‘roq qo‘ysa, kechqurun uyquga yotishda “Bugun sen kim bo‘lding?” desa, bunday odamdan o‘ziga ham, xalqiga ham, insoniyatga ham ziyon-zahmat etmaydi”. O‘ziga xos hayotiy hikoyalardan, naqllardan iborat asardan o‘quvchilar boy ma’naviy ozuqa olishlari muqarrar.

“Otamdan qolgan dalalar” romani. Ushbu roman O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod qalamiga mansub bo‘lib, sobiq tuzum davrida yashab, butun umri dalada ketmon chopib ro‘shnolik ko‘rmagan, kosasi oqarmagan insonlar taqdiri yoritilgan. Asarda Dehqonqul o‘zbek xalqining timsoli sifatida tasvirlangan. Uch avlod vakillari Jaloliddin ketmon, uning o‘g‘li Aqrab va farzandi Dehqonqul obrazi orqali turmushning achchiq haqiqatlari yoritilgan.

“Qiyomat” romani. Dunyo adabiyotining yirik namoyondasi, atoqli davlat va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” nomli romanida ezgulik va yovuzlikning kurashi, inson tomonidan hududlarni o‘zlashtirish, o‘rmonlarni yo‘q qilish, tabiatning azaliy va abadiy qonunlarini buzish va oxir-oqibat jonzodlarni o‘z ona uyidan siqib chiqarish qiyomat-qoyim darajasida tasvirlanadi. Asar qahramonlari Akbar va Toshchaynarning kechmishlari, sarson-sargardon qismati va fojiasiga insoniyat bevosita sababchi ekanligi romanda yorqin bo‘yoqlarda aks ettirilgan.

Taxiatosh IES Matbuot xizmati