
Kadrda – Dilnoza Ilmiyaminova
Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, bizning buyuk tariximiz, ulug‘ ajdodlarimiz, beqiyos boyliklarimiz bor. Biz ularni faqat bebaho kitoblar o‘qish, yetuk ilmga ega bo‘lish orqali o‘rganamiz, - deb mushohada qiladi #IESbookclub loyihasining navbatdagi mehmoni, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmasi xodimi Dilnoza Ilmiyaminova.

“Navoiy”. Atoqli o‘zbek yozuvchisi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning mazkur tarixiy romani yillar osha o‘zining badiiy ahamiyatini sira yo‘qotmaydigan o‘lmas asarlardan hisoblanadi. Ushbu asarning 20 dan ortiq tilga tarjima qilinganligi uning ahamiyatini yanada oshiradi. Asar bugungi kunda ham dolzarb bo‘lgan muammolarning yoritilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Navoiy bobomiz tomonidan aytilgan quyidagi fikrlar shundan dalolat beradi: “xalq manfaatini har narsadan ustun qo‘yish”, “xalqni ilm-ma’rifatli qilish”, “tarixdan saboq olish”, “ona tilimizni ulug‘lash”.

“Nasoyim ul-muhabbat”. Navoiyshunos Olimjon Davlatovning nasriy bayonida “Nasoyim ul-muhabbat” hajmi yirik asar ekanligi hamda tili bugungi kunda oddiy o‘quvchiga og‘irlik qilishini inobatga olib, undagi ibratli hikoyatlar, hikmatlar va rivoyatlar hozirgi o‘zbek adabiy tiliga muvofiqlashtirilgan holda taqdim qilingan. Xalqimizning ming yillik ma’naviy-ahloqiy yuksalish tajribasini o‘zida jamlagan asarni o‘qishni har bir kitobsevar insonga tavsiya qilgan bo‘lardim.

“Boburnoma”. Buyuk davlat arbobi, adib va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning o‘lmas tarixiy asarida XV asrning oxiri - XVI asrning boshlarida Xuroson, Movarounnahr va Hindistonda kechgan muhim tarixiy voqealar o‘z aksini topgan va unda yuzlab tarixiy shaxslar nomlari zikr etilgan. Ularning ayrimlari haqidagi ma’lumotlar har qanday tarixiy asarda topilmaydigan noyobligi, muhimligi bilan ko‘p olimlarni hayratga soladi. “Boburnoma” tarixiy shaxslarning ko‘pligi, sulolalar, saltanatlar taraqqiyoti va tanazzulini yorqin namoyon etuvchi badiiy-ilmiy asar sifatida qimmatli tarixiy manbadir. Uni mutolaa qilgan har bir kishida buyuk yurtdoshimizga nisbatan hayrat va g‘ururlanish paydo bo‘ladi.

“Alisher Navoiy”. Buyuk ma’rifatparvar shoirimiz va atoqli davlat arbobining tanlanma asarlari rus tiliga tarjima qilingan holda o‘quvchilarga taqdim qilingan. Ushbu asarlarning boshqa tilga tarjima qilinishi navoiyshunoslikda katta voqea bo‘lgan, chunki buyuk shoirning ko‘pgina asarlari keng auditoriyaga tanish bo‘lmagan. Ushbu kitobda buyuk allomaning “Hayrat ul-Abror” hamda “Nazm ul-Javohir” kabi asarlari o‘rin olgan.

To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati