Kadrda – Fazilat Ko‘charova

Kadrda – Fazilat Ko‘charova

– Bolaligimdan kitobga oshno bo‘lganman. Vaqt o‘tib, oila, ro‘zg‘or, uy yumushlari, deb biroz mutolaadan uzoqlashar ekansan. Bu orada ongimizda bir bo‘shliq paydo bo‘lar ekan. Mana, yaqin yillardan boshlab, men yana bu bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qilyapman. Yana mutolaa zavqini his etyapman. Bu mening ishimdagi unumdorlikka ham yordam berayapti, - deydi #IESbookclub loyihasining navbatdagi mehmoni, “Tolimarjon IES” AJ Qozon turbina sexi xodimasi Fazilat Ko‘charova.

“Ikki eshik orasi”. O‘tkir Hoshimov asarda bir necha yillarki, goh oshkora, goh pinhona davom etib kelayotgan urush mavzusiga e’tibor qaratadi. Uning fonida esa, oddiy xalqning ko‘nglidagi matonat, vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini ochib beradi. Shuningdek, asar qahramonlarining ertangi kunga bo‘lgan umidi, ayni chog‘da his etayotgan o‘y-kechinmalari shu qadar mohirona tasvirlanganki, o‘quvchi o‘zini xuddi ular bilan yashayotgandek his etadi.

“Ufq” trilogiyasi. Said Ahmadning mazkur romanida ikkinchi jahon urushidagi o‘zbek xalqining matonati, ayniqsa, millatimiz dehqonlarining front ortida qilgan qahramonlarcha mehnati haqida so‘zlaydi. Ayniqsa, barchaga tanish bo‘lgan Tursunboy voqeasi o‘zbekning g‘ururi, ori qanchalik baland ekanligini isbotlaydi. Hayot haqiqatiga ko‘ra qiyinchiliklarni yengib o‘tganlar albatta maqsadlariga yetadilar. Asar ayni g‘oyani ilgari surgani bilan ham ahamiyatli. 

“Ulug‘bek xazinasi”. Odil Yoqubov bu asarda Mirzo Ulug‘bek hayotining so‘nggi damlarini tasvirlab, uni Ali Qushchining ijod va hayot faoliyaitida amalga oshirgan ishlari bilan birgalikda talqin etadi. Asarda o‘z farzandidan aziyat chekkan Ulug‘bekning dard-u xasrati, chekkan azoblari va bundan foydalanib, bosh ko‘tara boshlagan saroy amaldorlarining fitna-yu kirdikorlari mohirona aks ettiriladi. Asar ota-bola, ustoz va shogird munosabatlarida tarixdan o‘rnak olish istagida bo‘lganlar uchun ayni muddao. 

“Ot kishnagan oqshom”. Tog‘ay Murodning bu asarini o‘qigan inson, avvalo, chapani o‘zbek xalqining tantiligiga guvoh bo‘ladi. Asar ichiga kirib borar ekansiz, beixtiyor yuzingizga Surxon tog‘larining mayin shabadasi uriladi. Asardagi Ziyodulla cho‘pon va uning tulpori Tarlonga bo‘lgan mehri azaldan ot o‘zbekning oriday asralishini yana bir bor isbotlaydi. Asar chinakam ma’noda o‘quvchini olis-olislarga olib ketib, ruhan tetiklashishiga yordam beradi.

“Tolimarjon IES” AJ Matbuot xizmati