NAMANGAN SHAHRIDAGI PREZIDENT MAKTABI O‘QUVCHILARI VA MURABBIYLARI TO‘RAQO‘RG‘ON IES BILAN TANISHDILAR

NAMANGAN SHAHRIDAGI PREZIDENT MAKTABI O‘QUVCHILARI VA MURABBIYLARI TO‘RAQO‘RG‘ON IES BILAN TANISHDILAR

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Namangan shahridagi Prezident maktabi 10-11-sinflarining 13 nafar o‘quvchisi hamda ularning murabbiylari To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi bilan tanishdilar. 

Mazkur Prezident maktabining faoliyati yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashish maqsadida iqtidorli o‘g‘il-qizlarni aniqlash va o‘qitishdan iboratdir. Ta’lim jarayoni tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarini o‘z ichiga olib, asosiy fanlar ingliz tilida olib boriladi.  STEAM yoki STEM (science, technology, engineering and mathematics) dasturi asosida olib boriladigan fanlar uchun maktabda maxsus jihozlangan zamonaviy o‘quv xonalari yaratilgan bo‘lib, ularda nazariy bilimlarni amalda mustahkamlash uchun so‘nggi rusumdagi kompyuterlar, uskunalar, smartboardlar  mavjud. 

Stansiyaning malakali xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tanishuv davomida maktabning iqtidorli yoshlariga energetikaning kundalik hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati, stansiya qurilishi tarixi, stansiyaning texnik-iqtisodiy imkoniyatlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish texnologiyasi to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Muloqot davomida o‘quvchilar hamda murabbiylarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi. 

Ma’lumot o‘rnida, ta’lim jarayoni Kembrij tizimida olib boriladigan Prezident maktabining asosiy maqsadi - dunyoning eng yaxshi oliy o‘quv yurtlariga kira oladigan, kelgusida mamlakatimiz uchun yuqori malakali, jahon miqyosida raqobatbardosh bo‘la oladigan yetakchi yosh kadrlarni tayyorlashdan iboratdir. 

To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati