
NAVOIY IES: O‘LCHOV VOSITALARINING ANIQLIGI TA’MINLANMOQDA
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalarida o‘lchov aniqligini ta’minlashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, bugungi kunda Navoiy IES 450 MVtli bug‘-gaz qurilmasida o‘rnatilgan o‘lchov vositalarini ta’mirlash va qiyoslash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur jarayonga To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasidan ham ikki nafar mutaxassis jalb etilgan bo‘lib, ular navbatdagi sozlash va qiyoslash ishlarini Navoiy issiqlik elektr stansiyasidagi xodimlar bilan hamkorlikda bajarmoqdalar.

Mutaxassislar bug‘-gaz qurilmasiga tegishli barcha o‘lchov vositalarini birma-bir ko‘rikdan o‘tkazib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etib bormoqdalar. Hozirda ular namunaviy kalibratorlar yordamida harorat va bosim datchiklarida qiyoslov jarayonini amalga oshirmoqdalar.
Aytib o‘tish joizki, ushbu ishlar Navoiy issiqlik elektr stansiyasining bir yilda qariyb 300 million so‘m pul mablag‘larini iqtisod qilishiga zamin yaratadi.

-Energoblokning barqaror va ishonchli ishlashida o‘lchov vositalarining soz holatda ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois To‘raqo‘rg‘on IESdan kelgan hamkasblarimiz bilan o‘zaro tajriba almashgan holda ish olib bormoqdamiz – deydi Navoiy IES Metrologiya xizmati boshlig‘i Ramazon G‘afurov.
Navoiy IES Matbuot xizmati