
NAZORAT O‘LCHASH ASBOBLARI QIYOSIY TEKSHIRUVDAN O‘TKAZILMOQDA
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimiga qarashli har bir korxonada minglab o‘lchov vositalari mavjud. Ularning sozligi hisob aniqligi kafolati. Shunga ko‘ra, “O‘zenergosozlash” MCHJ Metrologiya va asboblarni ta’mirlash sexi mutaxassislari tomonidan issiqlik elektr stansiyalari o‘lchov vositalarining sozligi muntazam ravishda tekshiruvdan o‘tkazib boriladi.

Ayni kunlarda “O‘zenergosozlash” xodimlari tomonidan “Taxiatosh IES” AJ bug‘-gaz qurilmasidagi issiqlik ta’minoti o‘lchash asboblari qiyosiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Bunda ularning belgilab qo‘yilgan metrologik talablarga muvofiqligi o‘rganiladi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘riladi.
Mazkur amaliyot o‘lchash vositalari ishlashini to‘g‘ri tashkil etish orqali, yuqori darajada avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlaridan samarali foydalanishda hamda korxonaning texnologik va ishlab chiqarish jarayonida aniq ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.

- Bug‘-gaz qurilmasidagi o‘lchash vositalarini qiyoslash davomida hozirga qadar nazoratdan o‘tkazilgan o‘lchash vositalarining hech birida nosozlik aniqlanmadi. Ish yakuni bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi, - deydi “O‘zenergosozlash” Metrologiya va asboblarni ta’mirlash sexi uchastkasi boshlig‘i Abdurashid Mirxamedov.

Ma’lumot o‘rnida, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalarida o‘lchov asboblarining benuqson ishlashiga erishish orqali ishlab chiqarishni samarali tashkil etish ta’minlanadi hamda resurslardan ratsional foydalanilishi nazorat qilinadi.
“Taxiatosh IES” AJ Matbuot xizmati