Obyektivda – Alesya Abduraxmanova
“Energetika sohasi ayollar uchun og‘ir soha deyishadi. Bu to‘g‘ri. Ammo, yaqinlaring, oilang qo‘llab-quvvatlasa, barcha dovonlarni bosib o‘tish mumkin. Ayollik energiyasining manbai ham asli shunda”. Toshkent IEM Kimyo sexi boshlig‘i Alesya Alekseyevna Abduraxmanovaning bu kabi fikrlari e’tiborimizni tortdi. Shu bois uni #IESwomen loyihasiga taklif qildik.
Katta megapolis va sershovqin shahar ko‘pincha rejalaringizni izdan chiqarib, hayot tarzingizni o‘zingiz istamagan holda o‘zgartirishga majbur qiladi. Ammo, baribir ayol kishi o‘zi va yaqinlari uchun vaqt topishi kerak. Sababi, oilasi bilan uyg‘un bo‘lmagan ayollar ishda ham samarasiz bo‘ladilar. Bu borada baxtliman deya olaman. Turmush o‘rtog‘im energetik. Meni yaxshi tushunadilar va doim qo‘llab-quvvatlaydilar.
Sohaga qanday kelganim haqida aytadigan bo‘lsam, avvalo gapni bolaligimdan boshlashimga to‘g‘ri keladi. Men Qozog‘istonning Chimkent viloyatida tug‘ilganman. Otam o‘sha vaqtlardagi Toshkent politexnika institutiga o‘qishga kirganlari bois oilaviy Toshkentga ko‘chib kelganmiz.
Maktab davridanoq kimyo faniga mehrim boshqacha edi. Qiziqishim sabab shu yo‘nalishdagi oliy ta’lim dargohida bilim oldim. Keyin esa Guliston shahridagi laboratoriyada ishlay boshladim. Kimyoviy tahlillar meni ohangrabodek o‘ziga tortardi va yanada o‘z ustimda ishlashni, o‘sishni xohlardim. Ota-onam energetik bo‘lgani bois shu yo‘nalishda o‘zimni sinab ko‘rishga qaror qildim. Shu tariqa Sirdaryo IESda ish boshladim. O‘z ustimda ishlab, bilimlarimni mustahkamlab bordim. 2019-yildan esa Toshkent IEM kimyo sexi boshlig‘i sifatida ishlab kelyapman.
Bolaligimdan ota-onam yaxshilik qilishga, kishilarning og‘irini yengil qilishga o‘rgatishgan. Har kuni Toshkent aholisini issiq suv va elektr energiyasi bilan ta’minlar ekanmiz, ko‘nglimdan ajib shukronalik tuyg‘usi o‘tadi. Ota-onam bergan tarbiya turmush tarzimning bir qismiga aylanganidan xursand bo‘laman.
Yillar o‘tgani sayin umrimni sarhisob qilarkanman, bir haqiqatni, inson avvalo o‘ziga, o‘zining hayotiy qoidalariga hiyonat qilmasligi lozimligini tushundim. Ayniqsa ayollar. O‘zini hurmat qilgan, hayotiy qarashlari va prinsiplariga ega ayollar jamiyatda ham, oilada ham kerakli bo‘la oladilar.
Toshkent IEM Matbuot xizmati