Obyektivda – Bobur Ismoilov

Obyektivda – Bobur Ismoilov

IESyoung loyihamizning galdagi mehmoni – aslida harbiy bo‘lishni istagan, lekin taqdir taqozosi bilan energetika sohasida faoliyat yuritib kelayotgan “Toshkent IES” AJ texnik direktorining issiqlik mexanikasi qismlari bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Ismoilov. 

- Men Toshkent viloyatining Qibray tumanida energetiklar oilasida tug‘ilganman. Oila a’zolarim bu sohaning o‘ziga xos jihatlari haqida ko‘p gapirishardi. Men esa, harbiy bo‘lishni xohlardim, ammo baribir energetika sohasi meni o‘ziga ko‘proq jalb qildi. Mirzo Ulug‘bek tumani informatika kasb-hunar kollejini tamomlaganimdan so‘ng, 2010-yilda “Toshkent IES” AJ 2-qozon-turbinasi sexida turbina uskunalari mashinist-nazoratchisi sifatida ish boshladim. 

Qalbimda baribir harbiy bo‘lishlik istagi bor edi. 2012-yili bir yillik harbiy xizmat burchimni o‘tab kelgach, “Toshkent IES”da ishimni davom ettirdim. Endi maqsadlarim aniq edi. Men bu sohada katta natijalarga erishaman deb, tinimsiz o‘qishni, o‘rganishni boshladim.  

2017-yili Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetini tamomladim. Bu sohaga shu qadar qiziqib ketdimki, kunu-tun energobloklar ishlashini o‘rgandim. Hayotda shunday vaziyatlar bo‘lar ekan.  Ba’zida tanlagan kasbing uyqu va halovatingni, butun vaqtingni olib qo‘yishi mumkin. Lekin, sen uni yaxshi ko‘rsang, faxrlansang, bunga rozi bo‘lar ekansan. Men bugun stansiyamiz barqaror ishlashi uchun ana shunday qiyinchiliklarga roziman! 

Umrimizning asosiy qismi stansiyada o‘tadi. Oilamizda ham energetiklar ko‘p bo‘lgani uchun suhbatlarimiz ham faqat shu mavzuda. Oddiy qilib aytganda, energetika hayotimning bir qismi.

Mamlakatimizda yosh mutaxassislarga berilayotgan imkoniyatlar cheksiz. Imkoniyatlardan foydalanib, izlanishim natijasida men qisqa muddatda stansiya texnik direktorining issiqlik mexanikasi qismlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandim. 

Kelajakda o‘zim ham yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga nazariy bilimlarini amaliyot bilan qo‘shib olib borishlariga katta e’tibor qaratmoqchiman. Oliygoh talabalari chet ellarga malaka oshirishga, tajriba almashishga borishlari zarur. Chunki butun jahon miqyosida energetika bir joyda turgani yo‘q. Kundan-kunga yangi g‘oyalar tadbiq qilinmoqda. Agar kuzatmasak, hamnafas bo‘lmasak, ortda qolishimiz mumkin.

Menga katta kuch beradigan yana bir jihat bor. Bilasiz, stansiyamiz o‘tgan asrning 1963-yillaridan faoliyatini boshlagan. Katta ko‘lamli ta’mirlash ishlari davomida zimmamga katta mas’uliyat yuklatiladi. Ta’mirlash ishlari tugatilib, energoblok benuqson ishlashni boshlaganida, ko‘nglim o‘rniga tushadi. Charchoqlar birdan chiqib ketadi. 

Bugun energetik kasbini tanlaganimdan xursandman. Bu soha sizning fikringizni qamrab olib, hayotingiz mazmuniga aylanish kuchiga ega. Faqat bir sharti bor - fidoiy va chidamli bo‘lish. Doimo o‘qish va izlanish zarur, shunda haqiqiy professional energetik bo‘lish mumkin.

 “Toshkent IES” AJ Matbuot xizmati