Obyektivda – Usein Masalimov
Hayot — bu katta ustaxona: unda kimdir g‘oyasini yo‘qotadi, kimdir esa o‘zini topadi. Kimdir sinovlardan cho‘kadi, kimdir esa shu sinovlardan mustahkamlanib chiqadi. Men esa har bir kunni imkoniyat, har bir mehnatni yutuqqa yo‘l deb bildim. Temir bilan ishlagan yillarim meni ham temirdek bardam, qat’iyatli qildi, - deydi Angren IES lokomotiv mashinisti Usein Masalimov.

Men 1970-yil Angren shahrida tug‘ilganman. Texnik bilimimni shu yerda – Angren 29-xunar-texnika bilim yurtida olganman. Harbiy xizmatdan so‘ng hayotimni temir yo‘lga, ya’ni harakat va mas’uliyatga bag‘ishladim.
1994-yildan beri Angren issiqlik elektr stansiyasida ishlayman. 2004-yildan buyon esa lokomotiv mashinisti sifatida xizmat qilyapman. Bu kasb og‘ir, lekin faxrli. Har bir yo‘l – vazifa, har bir ish kunim – javobgarlik.
Bolaligimdan mehnatni ko‘rib ulg‘ayganman. Otam ham shu stansiyada ishlagan. U kishining izidan borib, shu sohani tanladim. Bugun esa oilam, farzandlarim va jamiyat oldida mas’uliyatimni sidqidildan bajaryapman.
Men uchun eng katta boylik – halol mehnat, sog‘lik va oiladagi totuvlik. Har bir kunimni foydali o‘tkazishga harakat qilaman.
Angren IES Matbuot xizmati