
Obyektivda – Zokir Eralov
Energetika shunday sohaki, uni o‘rganaverganingiz sari yanada yangi ma’lumotlar, bilimlarga ega bo‘lishni talab etadi. Ayniqsa, hozirgi kunda tobora ommalashib borayotgan, bugunning tejamkor energiya vositasi hisoblangan “yashil” energiyaning joriy etilayotgani - bu sohaning qanchalik keng imkoniyatlarga ega ekanligini isbotlamoqda, -deydi #IESmyen loyihasining bu galgi mehmoni “Tolimarjon IES” AJ elektr sexi yetakchi muhandisi Zokir Eralov.

Korxonada foliyat boshlaganimga bu yil 30 yil to‘ldi. Shu davr mobaynida stansiyadagi turli vazifalarda mehnat qildim. Qariyb 6 yildan buyon esa korxonaga o‘rnatilayotgan quyosh fotoelektr stansiyalari hamda “yashil” energiya vositalariga mas’ul sifatida faoliyat olib boryapman.
Bu jarayonda esa, “yashil” energiya vositalarining qulayligi, tejamkorligiga guvoh bo‘lib, o‘z xonadonimga ham quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatdim.
Davlatimiz rahbarining qarori asosida hozirgi vaqtda fotoelektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining xonadonimdagi iste’molidan ortganini davlatga sotish orqali daromadga ham ega bo‘lyapman.
O‘zim shu stansiyada mehnat qilib, ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etar ekanman, qishni qish, yozni yoz demasdan, kecha-yu kunduz olib borilayotgan tinimsiz faoliyat natijasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tejab ishlatish imkoniyatlari kengayishini xohlardim.
Shu maqsadda hozir korxonada ham energotejamkor vositalar o‘rnatilmoqda va bu jarayonda ishtirok etish meni faxrlantirishi bilan bir qatorda, quvonch hissini ham beradiki, natijada shartli yoqilg‘i va elektr energiyasi iqtisodiga erishilmoqda.
Bu sohada bugun shogirdlar ham yetishtiryapman. Ulardagi shijoat, intilishni ko‘rib, o‘z ustimda yanayam ko‘proq izlanyapman.
Sohada har kuni bitta yangilik, har soatda ko‘plab ma’lumotlar paydo bo‘ladi. Ularni o‘rganib, hayotga tatbiq qilgan holda faoliyat olib borish kishiga ham zavq beradi, ham mas’uliyat yuklaydi.
“Tolimarjon IES” AJ Matbuot xizmati