“O‘ZBEKENERGOTA’MIR” AJ AQSHNING YIRIK KORPORATSIYASI BILAN 60 MLN.AQSH DOLLARIGA TENG SHARTNOMA IMZOLADI

“O‘ZBEKENERGOTA’MIR” AJ AQSHNING YIRIK KORPORATSIYASI BILAN 60 MLN.AQSH DOLLARIGA TENG SHARTNOMA IMZOLADI

Xabaringiz bor, AQSH Prezidenti Jo Baydenning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – AQSH” (5+1) sammitida ishtirok etdi. Tashrif doirasida tashkil etilgan AQSH-O‘zbekiston biznes forumida “O‘zbekenergota’mir” AJ AQSHning General Elektric Global Parts and Products GmbH korporatsiyasi bilan 60 mln.AQSH dollariga teng shartnoma imzoladi. 

Mazkur hamkorlik mamlakatimizdagi elektr stansiyalarning amaldagi energobloklari modernizatsiyasini amalga oshirishga qaratilgan. Bu esa aholi va iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlanishi uchun yana bir muhim qadam qo‘yildi demakdir. Shartnoma doirasida elektr stansiyalariga texnik xizmat ko‘rsatishdan tashqari, yangi ehtiyot qismlar yetkazib beriladi va demontaj qilingan ehtiyot qismlarini tiklash ishlari amalga oshiriladi.  

-Bu bilan biz mamlakatimiz elektr energetikasi tarmog‘iga zamonaviy, yuqori rivojlangan va energosamarador uskunalarni olib kiramiz, sohadagi eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zimizda joriy etish, natijada yoqilg‘i sarfini kamaytirish va ishlab chiqarishni raqamlashtirish evaziga mahsulotning yakuniy narxini pasaytirishga erishamiz, - deydi “O‘zbekenergota’mir” AJ bosh direktori Ilhom Rajabov. 

Muzokaralar yakuniga oid yana bir muhim jihat shuki, endilikda “O‘zbekenergota’mir” AJning yosh xodimlari amerikalik mutaxassislar ishtirokida bajariladigan ta’mirlash va sozlash ishlari orqali o‘z malakalarini oshiradilar. Bu esa yoshlarimiz dunyoda tan olingan elektr qurilmalarini boshqarish va ular bilan ishlash bo‘yicha bilim va tajribalarini o‘stirishlari uchun yana bir imkoniyat.

“O‘zbekenergota’mir” AJ Matbuot xizmati