O‘ZBEKISTONDA BINOLARNING ENERGIYA SAMARADORLIGINI OSHIRISH – KAM UGLERODLI RIVOJLANISHGA HISSA QO‘SHADI

O‘ZBEKISTONDA BINOLARNING ENERGIYA SAMARADORLIGINI OSHIRISH – KAM UGLERODLI RIVOJLANISHGA HISSA QO‘SHADI

O‘zbekistonning umumiy energetika balansida jamoat binolarining iste’mol ulushi sanoat va transport sektoridan 50 foizga yaqinni tashkil etadi. Joriy yilning 11 noyabr kuni Energetika vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda “Binolarning energiya samaradorligini oshirish dasturini ishlab chiqish” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida ushbu dolzarb muammodan chiqish yo‘llari muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev ta’kidlaganidek, ta’lim va tibbiyot muassasalari kabi ijtimoiy soha ob’ektlarining energiya tejamkorlik salohiyati 40 foizdan oshgani – issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishda ham muhim ahamiyatga ega. Faqat isitish qozonlarini zamonaviy energiya tejovchi qozonlarga almashtirish tabiiy gaz sarfini qariyb 20 foizga tejash imkonini beradi.

Anjumanda Energetika vazirligi mas’lullari tomonidan ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda isitish sarfi (solishtirma issiqlik sarfi) o‘rtacha 320-390 kVt.soatni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun iqlimi sovuqroq bo‘lgan Gollandiyada bu ko‘rsatkich 95 kVt.soatga, Yevropada o‘rtacha 150 kVt.soatga va dunyoda esa o‘rtacha 220 kVt.soatga teng ekanligi qayd etildi.

Shu bilan birga, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuviga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilgacha issiqxona gazlari chiqindilari darajasini 35 foizga kamaytirish ustida muayyan ishlar olib borilmoqda. Bu maqsadni amalga oshirish uchun past uglerodli rivojlanish strategiyasida hukumat tomonidan ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Tarmoqlar, jumladan, energiya resurslarini tejash va shunga mos ravishda jamoat binolaridan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish uchun eng katta salohiyatga ega.

Binolarning energiya samaradorligini asosiy mezonlari quyidagilardan iborat: tabiiy yoritish; shamollatish, isitish va sovutish, shuningdek binolarni issiqlik izolyatsiyasi.

Tadbirda Jahon banki, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zqurilishmateriallari” uyushmasi, JICA, Osiyo taraqqiyot banki va BMT Taraqqiyot Dasturi vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida ekspertlar bino va inshootlarda energiya iste’molining yuqoriligi sabablarini muhokama qildilar. Xususan, ularning texnik tavsiflari zamonaviy energiya samaradorligi talablariga mos kelmasligi, jumladan, samarasiz yoritish tizimlari, isitish, konditsioner, issiqlik izolyatsiyasi materiallaridan foydalanish va boshqa masalallar ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlandiki, mamlakat hukumatining bir qator qarorlarida yangi qurilgan va rekonstruksiya qilinayotgan binolarning energiya samaradorligiga qo‘yiladigan talablarni tubdan oshirish maqsadida, alohida standartlar ko‘zda tutilgan. Ushbu me’yorlar shaharsozlik normalari va qoidalarini qayta ko‘rib chiqish bilan birga, bino va inshootlarning energiya samaradorligi sinflarini aniqlash bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqish, shuningdek, mavjud binolarda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kichik quyosh fotoelektr stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, issiqlik nasoslari, yorug‘lik tizimlari uchun LED manbalari, energiya tejovchi gaz yondirgichlari kabi qurilmalar va boshqalarni o‘rnatishni tartibga soladi.

Tadbirda bino va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilishda ularning energiya samaradorligini ta’minlash, energiya tejaydigan texnologiyalardan foydalanish yiliga 1,1 milliard kub. metr tabiiy gazni (946 ming tonna neft ekvivalenti) tejash imkonini berishi mumkinligi qayd etildi.

Ishtirokchilar binolarning energiya samaradorligini oshirish dasturini ishlab chiqish va qabul qilish mamlakatning kam uglerodli rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim hissa qo‘shishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati