“O‘ZENERGOSOZLASH” MUTAXASSISLARI TOMONIDAN TEXNIK-USLUBIY TADBIRLAR TASHKIL ETILDI
“To‘raqo‘rg‘on IES qurish direksiyasi” unitar korxonasi “O‘zenergosozlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan birgalikda ishlab chiqarish siklini sozlash va takomillashtirish, stansiyani kelgusi kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining issiqlik elektr stansiyalariga sozlash va ta’mirlash xizmati ko‘rsatish, moddiy-texnika ta’minoti bo‘yicha tizimli ishlar olib borish bo‘yicha qarorlari ijrosini ta’minlash doirasida, shu kunlarda “O‘zenergosozlash” MCHJning suv-kimyo sexi boshlig‘i Axmadjon Mirxamidov tomonidan korxona kimyo sexi mutaxassislari uchun bug‘-turbina kondensatori sovutish tizimidagi cho‘kindilarni kimyoviy tozalashni tashkil etish bo‘yicha texnik-uslubiy yordam ko‘rsatish ishlari yakunlandi.

Kondensator sovutish tizimi issiqlik elektr stansiyalaridagi eng muhim ob’ektlardan hisoblanadi, shu tufayli foydalanilgan bug‘ issiqligini chiqarib tashlash uchun kondensatorning holati katta ahamiyatga ega, - deydi Axmadjon Mirxamidov. – Kuchli isitilgan bug‘ birligining qanday samara bilan elektr energiyasiga aylanishi hamda yakunida qancha miqdordagi elektr energiyasi hosil bo‘lishi ko‘p jihatdan kondensatorning ishlash holatiga bog‘liqdir.

To‘rt kun davom etgan amaliy-uslubiy tadbirlar davomida tajribali mutaxassis tomonidan kondesatordagi cho‘kindilarni kimyoviy usulda maxsus yuvuvchi vositalar yordamida tozalashning mohiyati va afzalliklari tushuntirildi, kondensatorlarni kimyoviy tozalashning optimal usullarini tanlash muhimligi asoslab berildi.

- Turdosh tashkilotlarning tajribali mutaxassislarini jalb qilgan holda tashkil etiladigan bunday tadbirlar so‘zsiz xodimlarimizning kasbiy malakasi hamda tajribasining ortishiga ko‘maklashadi va umuman, faoliyatimizning samaradorligini oshiradi. - dedi kimyo sexi boshlig‘i Sodiqjon Jo‘rayev.
“To‘raqo‘rg‘on IES” unitar korxonasi Matbuot xizmati