
PREZIDENT TA’LIM MUASSASASI O‘QUVCHILARI VA MURABBIYLARI TO‘RAQO‘RG‘ON IES BILAN TANISHDILAR
Bugun Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi To‘raqo‘rg‘on tumani ixtisoslashtirilgan maktabi fizika-matematika hamda kimyo yo‘nalishida ta’lim olayotgan 11 nafar bitiruvchi-o‘quvchilari hamda ularning murabbiy lari To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi bilan tanishdilar.

To‘raqo‘rg‘on IES hamda To‘raqo‘rg‘on tumani ixtisoslashtirilgan maktabi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, maktabning o‘quvchilari ilk marta o‘tgan yilning kuzida stansiya bilan tanishgan edilar.

Navbatdagi tadbir umumxalq referendumi arafasida o‘tkazilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Stansiyaning malakali xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida stansiyaning qurilishi tarixi, vazifalari, kundalik hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida videorolik namoyish etildi, shuningdek uning texnik-iqtisodiy imkoniyatlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berib o‘tildi, o‘quvchilar hamda murabbiylarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Stansiya bilan tanishish davomida mehmonlarga energetika sohasining o‘ziga xos xususiyatlari va ahamiyati, issiqlik elektr stansiyalarining mamlakatimiz energetika tizimidagi salmog‘i, elektr energiyasi ishlab chiqarish texnologiyasi, unga zarur bo‘lgan komponentlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

- Ma’lumki, Yurtboshimizning “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan zamonaviy texnologiyalar negizida qurilgan To‘raqo‘rg‘on IES kabi korxonalarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘zlashtirish, yoshlarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish uchun turtki bo‘ladi. - deydi To‘raqo‘rg‘on tumani ixtisoslashtirilgan maktabi direktori Nodirbek Ahmedov.
Kelgusida bitiruvchi sinflar iqtidorli o‘quvchilarining korxona bilan tanishishini tizimli ravishda tashkil etish, elektr stansiyasining malakali mutaxassislarini esa maktabda maxsus darslar va treninglarga jalb qilish rejalashtirilmoqda.
To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati