Qish mavsumida iste’molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar

Qish mavsumida iste’molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Soha xodimlari tomonidan 2024-2025-yillar qish mavsumida aholining elektr va issiqlik energiyasiga o‘sib borayotgan talabini qondirish va mavsumni betalofat o‘tkazish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Kelayotgan mavsumga tayyorgarlik doirasida tizim korxonalarida  reja asosida jami 53 ta qurilmada ta’mirlash ishlari amalga oshirildi va belgilangan ishlar ortig‘i bilan bajarildi.

Qo‘shimcha sifatida, elektr stansiyalardagi tezkor guruhlar tomonidan kamchiliklar aniqlangan 11 ta energoqurilmada mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borildi.

“Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 10 ta issiqlik markazidagi 60 ta qozon agregatidan 15 tasida mukammal, 45 tasida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi.

Ta’mirlash va sozlash ishlari natijasida mavjud elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 291 MVt va issiqlik ishlab chiqarish samaradorligi 235 tonna soatga oshirilishiga erishildi. 

bugungi kungacha mavsum uchun 12,3 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi va 3,5 mln. Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi.

Ayni paytda barcha elektr stansiyalar va markazlarda navbatchilik asosida energoqurilmalarning uzluksiz va barqaror ishlashi jarayonini muvofiqlashtiruvchi maxsus tezkor shtablar faoliyat yuritmoqda. Mavsumni betalofat o‘tkazish uchun ular tarkibiga 2 mingdan ortiq malakali mutaxassis hamda 112 ta maxsus texnika biriktirilgan. Rahbar va mas’ul mutaxassislardan iborat 10 ta tunu kun faoliyat olib boruvchi navbatchilik guruhlari ish olib boryapti.

Mavsumni betalofat va barqaror o‘tkazish bo‘yicha situatsion-tahliliy onlayn dispetcherlik markazining sutkasiga 24 soat, tunu-kun faoliyati amalga oshirilmoqda.

- Markaz real vaqtda issiqlik elektr stansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonini onlayn monitoringini amalga oshiradi;

- mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha elektr energiyasi ishlab chiqarilishi uchun shartli yoqilg‘i sarfi, uning zahirasi nazoratini olib boradi;

- masofadan turib avtotransport vositalari harakatini, yoqilg‘i saqlash ob’ektlari faoliyatini kuzatib boradi;

- avariyaviy holatlar oldini olish maqsadida stansiyalarda tashkil etilgan mas’ul xodimlardan iborat, tunu-kun faoliyat yurituvchi qo‘shimcha navbatchilik guruhlari bilan birgalikda ishlaydi;

- Uskunalarning ishonchliligiga ta’sir etuvchi kamchiliklarni aniqlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda stansiyalarga amaliy yordam ko‘rsatadi;

- zarur hollarda operativ tarzda sutkasida 24 soat mobaynida energoob’ektlarga chiqib boradi, ishlarni muvofiqlashtiradi.

Ushbu ishlarni masofadan turib samarali tashkil etish bo‘yicha markaz zamonaviy axborot-kommunikatsiya uskunalari bilan jihozlangan, Ishga malakali mutaxasislar jalb etilib, ular uchun barcha zarur shart sharoitlar yaratilgan.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati