RAQAMLI IQTISODIYOT VA KORPORATIV BOSHQARUV BO‘YICHA GERMANIYA TAJRIBASI O‘RGANILMOQDA

RAQAMLI IQTISODIYOT VA KORPORATIV BOSHQARUV BO‘YICHA GERMANIYA TAJRIBASI O‘RGANILMOQDA

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va tizim korxonalari vakillaridan tarkib topgan mutaxassislar guruhi Germaniyaning Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi tomonidan tashkil etilgan o‘quv – kurslarida ishtirok etishmoqda.

Maxsus qisqa muddatli malaka oshirish o‘quv kursi “Raqamli iqtisodiyot va korporativ boshqaruv” mavzusida o‘tmoqda. Unda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, shuningdek “Sirdaryo IES” AJ, “Tolimarjon IES” AJ, “O‘zenergosozlash” MCHJ va “O‘zbekenergota’mir” AJ kabi tizim korxonalari vakillari qatnashmoqda. 

Tinglovchilar uchun “Korporativ boshqaruvning o‘ziga xos jihatlari”, “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni shakllantirishning muhim jihatlari” va “Biznes modeli asosida raqamlashtirish strategiyasini ishlab chiqish” kabi yo‘nalishlarda ma’ruzalar taqdim etilmoqda. 

Kurs qatnashchisi, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Korporativ boshqaruv bo‘limi boshlig‘i G‘olibbek Ravshanbekovning ta’kidlashicha, korporativ boshqaruv tizimining samaradorligi nafaqat kompaniyaning bozor qiymatini oshiradi, balki o‘z navbatida, moliyaviy bozorlarda raqobatbardoshlikni ta’minlaydi hamda investitsion jozibadorlikni oshiradi. 

O‘quv kursi doirasida Germaniyaning korporativ boshqaruv va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishida katta natijalarga erishgan turli kompaniyalari va korxonalariga tashriflar, V2V formatidagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Mazkur o‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, bu kabi seminarlar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning 2022 yil 4 martdagi “2022 yil davomida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakalarini oshirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i va tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati