
“SIRDARYO IES” AJ 10-ENERGOBLOK MODERNIZASIYASINI MUDDATIDAN OLDIN YAKUNLADI

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yil 29 dekabrdagi «Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida energobloklarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoyishiga muvofiq Rossiyaning «Silovыye mashinы» kompaniyasi tomonidan joriy yilda Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining to‘qqizinchi va o‘ninchi energobloklarida modernizatsiya ishlari boshlangani haqida xabar bergan edik.

Bugun modernizatsiya jarayonining uchinchi bosqichi doirasida stansiyaning 10-sonli energoblokida kapital ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilib energoblok yagona energo tizimga ulandi.
- “Sirdaryo IES” AJ jamoasi rossiyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda o‘z oldiga qo‘yilgan muhim vazifani yakuniga yetkazdi, mustaqilligimizning 30 yilligi nishonlanayotgan ushbu munavvar kunlarda 10-sonli energoblok muvaffaqiyatni modernizatsiyadan chiqarilib, 6 oylik tanaffusdan keyin yangi quvvatlar elektr energiya ishlab chiqarishni boshladi, - deb ta’kidladi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Farhod Abdurahmonov.

Modernizatsiyani amalga oshirish hisobiga energoblokning ish samaradorligi oshadi, quvvati 325 MVt ga yetkazilib, 1 kVt/s uchun shartli yoqilg‘i sarfi
40 grammga qisqaradi.
Modernizatsiya ishlari yakuni bo‘yicha yiliga 180 mln. kub metr tabiiy gaz tejashga erishiladi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati.