Sirdaryo IES: energetik yoshlarning startap loyihalari bilan tanishildi

Sirdaryo IES: energetik yoshlarning startap loyihalari bilan tanishildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ijrosini ta’minlash, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni keng targ‘ib etish hamda ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Respublika ishchi guruhining manzilli o‘rganishlari Sirdaryo viloyatida davom etmoqda.

Navbatdagi tashrif doirasida Yoshlar ishlari agentligi direktori boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Sirdaryo viloyatidagi yirik sanoat korxonalaridan biri – Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida bo‘lib, bu yerda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

bugungi kunda stansiyada 1 700 nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda. Ularning 200 nafardan ziyodini yosh mutaxassislar tashkil etadi. Tashrif davomida yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar taqdim etildi.

Shuningdek, ishchi guruhi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning innovatsion va startap loyihalarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotgan infratuzilma ob’ektlari hamda Startap loyihalar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv davomida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Sirdaryo IES Matbuot xizmati