Sirdaryo IESda mahalliylashtirish va innovatsion tashabbuslar markazi tashkil etildi
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi eng yirik korxonalardan biri – Sirdaryo IESda mahalliylashtirish va innovatsion tashabbuslar yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida yangi innovatsion ishlab chiqarish markazining ochilish va ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Korxona bugungi kunda yangi loyihalarni ilgari surish va istiqbolli ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tizimdagi muhim drayverlardan biriga aylanib bormoqda.
2025-yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida tizim korxonalariga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish orqali 3 milliard 69 million so‘mlik ishlar bajarildi. Shu bilan birga, korxonaning mahalliylashtirish va konstruktorlik bo‘limi tomonidan 46 ta yo‘nalishda yangi, innovatsion hamda istiqbolli loyihalar shakllantirildi.

2026-yil uchun mahalliylashtirish dasturi doirasida 3 milliard 36 million so‘mlik ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar mazkur reja asosida 844 million so‘mlik ishlar bajarildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Boshqaruvi raisi tashabbusi asosida Sirdaryo IESda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar tashkil etilmoqda:

-gradirnya tizimlari uchun orositel uskunalari ishlab chiqarish qurilmalarini o‘rganish hamda orositel plastinalarini mahalliylashtirish orqali tizim korxonalarini ta’minlash;
-hukumatning tegishli topshiriqlari asosida tizim korxonalariga ekologik postlar va avtomatik monitoring tizimlarini (ASM) joriy etish, shuningdek, ushbu tizimlarni mahalliylashtirgan holda 40 dan ortiq ob’ektda tatbiq qilish.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti mutaxassislari bilan hamkorlikda kichik shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi. Natijada quvvati 2 kVt bo‘lgan kichik shamol elektr stansiyasi o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi.
Joriy yil yanvar oyida korxona mutaxassislari Farg‘ona IEM filialida bo‘lib, VG-50 ventilyator uskunasi uchun diffuzor qismini turli materiallardan tayyorlashning iqtisodiy va texnik samaradorligini o‘rganish ishlarini boshladi.

Korxonaning markaziy ta’mirlash ustaxonasida mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlari tashkil etildi. Loyiha doirasida Xitoy va Rossiyadan keltirilgan 61 ta ishlab chiqarish uskunasi o‘rnatildi. Bu esa qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda 200 dan ziyod mahsulot turini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
Kelgusida mazkur markazda xodimlarni o‘qitish, veb-sayt dasturchilari, SMM mutaxassislari, targetologlar hamda savdo menejerlarini tayyorlash yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
– Korxonaning xizmat, sex va bo‘limlari kesimida yangi yo‘nalishlarni kengaytirish, iqtisodiy samaradorlikni oshirish hamda qo‘shimcha xizmat turlarini ko‘paytirish ishlari izchil tashkil etilmoqda. Filial xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan qo‘shimcha ishlar va xizmatlar hisobidan joriy yil yakuniga qadar 3 milliard so‘m daromad olish rejalashtirilgan, – deydi Abdulla Amanov.
Sirdaryo IES Matbuot xizmati