STANSIYANING ELEKTR USKUNALARI VA JIHOZLARI TEXNIK NAZORATDAN O‘TKAZILMOQDA

STANSIYANING ELEKTR USKUNALARI VA JIHOZLARI TEXNIK NAZORATDAN O‘TKAZILMOQDA

To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi 1-energoblokida o‘tkazilayotgan inspeksiya tadbirlari bilan parallel ravishda elektr stansiyasining elektr qismlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha texnik-profilaktika ishlari amalga oshirilmoqda. 

Xususan, Elektr jihozlari va texnologik jarayonlarni avtomatik boshqaruv tizimi sexi xodimlari tasdiqlangan rejaga ko‘ra, rele himoyasi va avtomatika bo‘yicha muhandis Iskandar Abduqayumov boshchiligida profilaktik va texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlarini bajarmoqdalar. Jumladan, sexning bir guruh yosh mutaxassislari energoblokning kuch kabellari izolyatsiya qarshiligini va vklyuchatellarning to‘g‘ri ishlashini tekshirib chiqmoqdalar, RETOM-61 maxsus qurilmasi yordamida esa avariyaviy holatda zahira ta’minotini tezkor ulash qurilmasi rele himoyasini nazoratdan o‘tkazmoqdalar. 

Shuningdek suvni sovutish tizimiga (gradirnya) xizmat ko‘rsatuvchi quvvati 2000 kVA bo‘lgan T-12 transformatorga texnik xizmat ko‘rsatish va o‘lchov-sinov ishlari olib borilmoqda. Elektrstansiyasi elektr qismlarini qish-kuz mavsumiga tayyorlash bo‘yicha boshqa zarur tadbirlar ham amalga oshirilmoqda.    

Elektr energiyasi iste’moli darajasi nisbatan past bo‘lgan vaqtda elektr simlari, kabellari, qurilmalari, turli nazorat-o‘lchov asboblari, stansiyaning boshqa elektr jihozlarining ish holatini aniqlash bo‘yicha profilaktik-texnik ko‘riklar o‘tkazish muhim hisoblanadi, - deydi “To‘raqo‘rg‘on IES qurish direksiyasi” unitar korxonasining Elektr jihozlari va texnologik jarayonlarni avtomatik boshqaruv tizimi sexi boshlig‘i Ramil Abutalipov. – Ularning ish holatini o‘z vaqtida va sifatli ravishda aniqlash issiqlik elektr stansiyasining elektr qismini betalofot ekspluatatsiya qilishga imkoniyat beradi.  

Shuni ta’kidlash lozimki, ayni kunlarda maxsus test sinovlari natijasida  tanlab olingan Namangan muhandislik-qurilish instituti 9 nafar 4-bosqich talabalari “To‘raqo‘rg‘on IES qurish direksiyasi” unitar korxonasining Elektr jihozlari va texnologik jarayonlarni avtomatik boshqaruv tizimi sexi boshlig‘i Ramil Abutalipov rahbarligida haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini o‘tamoqdalar hamda amalga oshirilayotgan profilaktik-texnik ko‘riklari bilan bevosita yaqindan tanishtirilmoqdalar.    

“To‘raqo‘rg‘on IES”  unitar korxonasi Matbuot xizmati