
Tolimarjon IES: 1065 MVt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmalarining qurilish jarayonlari bilan tanishildi
“Tolimarjon IES” AJda investitsiya loyihasi asosida Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial” S.A. va Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” xorijiy kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan 1065 MVt quvvatga ega navbatdagi 3- va 4-bug‘-gaz qurilmalariningqurilish jarayonlari bilan yaqindan tanashtirish maqsadida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Mazkur yirik investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2020-yil 18-dekabrdagi “Tolimarjon IES” AJda umumiy quvvati 900 megavatdan kam bo‘lmagan navbatdagi 2 ta bug‘-gaz qurilmalarini qurish bilan kengaytirish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 944,87 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Ushbu loyihaning moliyaviy manbai sifatida dunyoning eng yetakchi moliya kompaniyalari Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari tomonidan moliyalashtirilmoqda. Bosh pudratchi sifatida “Intecsa Ingeniera Industrial” S.A. va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari qatori qurilish ishlarida Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi ham jalb etilgan.

Eng ahamiyatlisi, ushbu bug‘-gaz qurilmalari ishga tushirilgach, korxonaning ishlab chiqarish quvvati sezilarli darajada oshadi va mamlakatda elektr ta’minoti yanada barqarorlashadi. Natijada stansiya tomonidan yiliga qo‘shimcha 8 milliard kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va yuqori tejamkor texnologiyalarni qo‘llash hisobiga yiliga 600 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Investitsiya loyihasi joriy yilning oxiriga qadar to‘la quvvatlarda mamlakatimiz energotizimiga elektr energiyasini uzatishni boshlash rejalashtirilgan. Bug‘-gaz qurilmalari ishga tushirilgach, korxonada qo‘shimcha 100-120 ishchi o‘rni yaratiladi va mazkur bug‘-gaz qurilmalari hisobiga elektr stansiyasining umumiy zamonaviy quvvatlari 1965 MVtga yetkaziladi.
Hozirgi vaqtda korxonada yangidan bunyod etilayotgan 3-va 4-bug‘-gaz qurilmalarining bug‘ va gaz turbinalari generatorlari hamda parraklari o‘rnatilgan bo‘lib, ular Yaponiya, Koreya, Xitoy, Italiya kabi yetakchi mamlakatlarning kompaniyalari tomonidan yetkazib berilgan.
“Tolimarjon IES” AJ Matbuot xizmati