
To‘raqo‘rg‘on IES: “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami nishonlandi
To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida Xalqaro xotin-qizlar kuni bayramini munosib nishonlash maqsadida “Ayolga ehtirom” shiori ostida qator ma’naviy-ma’rifiy va badiiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar stansiya kasaba uyushmasi qo‘mitasi, xotin-qizlar kengashi, yoshlar yetakchilari, jamiyat faxriylar kengashi a’zosi hamda ma’naviyat-ma’rifat targ‘ibotchisi say’i-harakatlari bilan tashkil qilindi.

Jumladan, stansiya faol xotin-qizlari ishtirokida “Balli qizlar” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda she’rxonlik iste’dodi, oshpazlik san’ati, erkin tanlov namunalari namoyish qilindi. Tadbirlar davomida, shuningdek, stansiya ayollari o‘rtasida “O‘zbek diyorining mashhur va taniqli ayollari”, “Badiiy-musiqiy chiqish” (she’r o‘qish, qo‘shiq ijro etish, monolog, dialog, sahna ko‘rinishi) nominatsiyalari bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.

“Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida xotin-qizlar o‘rtasida voleybol, shashka va ping-pong bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Bayram arafasida stansiya erkaklari barcha xotin-qizlarni, shu jumladan hozirgi kunda ishlamaydigan pensioner ayollarni bayram bilan qizg‘in qutlab, ularni turfa gullar va qimmatbaho sovg‘alar bilan xushnud etdilar.

Tadbirlar g‘oliblari va sovrindorlari, shuningdek tadbirning faol ishtirokchilari kasaba uyushmasi qo‘mitasining esdalik sovg‘alari bilan ham taqdirlandilar.
To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati