TO‘RAQO‘RG‘ON IES: KO‘CHAT EKISH TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA

TO‘RAQO‘RG‘ON IES: KO‘CHAT EKISH TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi barcha korxonalarda bo‘lgani kabi, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida ham davlatimiz Rahbari tomonidan e’lon qilingan “dolzarb 40 kunlik” doirasida ko‘chat ekish bo‘yicha tadbirlar davom ettirilmoqda. 

Yangi qurilgan elektr stansiyasi tevarak-atrofida “yashil belbog‘” tashkil etish maqsadida ochiq, bo‘sh yotgan qirli-adirli yerlarda o‘rik va bodom ko‘chatlarini ekish ishlari olib borilmoqda. 

Bugungi kungacha stansiyaga jami 2600 dan ziyod o‘rik, bodom, qarag‘ach, pavlovniy kabi yosh ko‘chat nihollari keltirildi, shundan, noqulay ob-havo sharoitiga qaramasdan, xodimlar tomonidan 2000 tup ko‘chat bo‘sh joylarga ekib chiqildi.

-To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi atrofida “yashil belbog‘”ni tashkil etish qurib bitkazilgan hudud uchun to‘siq vazifasini bajaradi. Vaqti kelib yashil ekinlar, issiqlik elektr stansiyasi hamda uni uch tomondan o‘rab turgan bo‘m-bo‘sh adir-qir joylar o‘rtasida himoya sifatida o‘zini namoyon qiladi, - deydi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi ekologi Xusniddin Isomiddinov.  

Ma’lumot o‘rnida, umummilliy aksiya yakuniga qadar stansiya tomonidan yana 1150 tup manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatini ekish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, stansiyaning faol xodimlari tashabbusi bilan Kosonsoy-Chust avtomagistralidan stansiyaga kirish tomonida yastanib yotgan qariyb 1,5 gektar bo‘sh qir-adir joylarga terrasa shaklida 4000 tup bodom ko‘chati ekish bo‘yicha ish olib borilmoqda.  

To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati