To‘raqo‘rg‘on IES: “Konstitutsiya erkin va farovon hayot garovi!” shiori ostida tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda
To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida “8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi” hamda “9-dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

“8 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi”ga bag‘ishlangan ochiq muloqot shaklidagi davra suhbatida korxona rahbari F.Turgunov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining xalqimiz hayotidagi ahamiyati, uning mamlakatimiz taraqqiyotidagi roli to‘g‘risida atroflicha tushuntirish berdi. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari asosida mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, suveren mamlakatimiz taraqqiyot yo‘li va bunda jamiyatimiz barcha a’zolarining mas’ulligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan To‘raqo‘rg‘on tumani Davlat xizmatlari markazi hamda Adliya bo‘limi mas’ul xodimlari O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri, o‘tkazilgan umumxalq referendumi - xalqimizning tashabbusi va irodasi orqali yangilangan Bosh qomusimiz haqida, uning xalqimiz, jamiyatimiz va davlatimiz manfaatlari yo‘lidagi ahamiyati xususida muloqot o‘tkazdilar.

“9-dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Ochiq eshiklar” tadbirida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Muvofiqlik bo‘limi boshlig‘i B. Nishonxodjayev tomonidan stansiya faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etish mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi. Kuchga kiritilayotgan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni korrupsiyaga qarshi tizimning uzviy davomi ekanligi, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirish va taqdim qilish tartibi, manfaatlar to‘qnashuvi masalalarini ko‘rib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlari odob-axloq komissiyalari vazifalari hamda majburiyatlariga asosiy e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar stansiyada tashkil qilingan Konstitutsiya burchagi hamda kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.

To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati