To‘raqo‘rg‘on IES metrologiya xizmati 2024-yildagi faoliyati sarhisob qilindi

To‘raqo‘rg‘on IES metrologiya xizmati 2024-yildagi faoliyati sarhisob qilindi

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi To‘raqo‘rg‘on IES korxonasida O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonuni talablariga muvofiq metrologiya faoliyati joriy qilingan. 

Elektr stansiyasida 4800 ga yaqin o‘lchov vositalari mavjud bo‘lib, ularni qiyoslovdan o‘tkazish uchun amalga oshirilgan investitsiya loyihasi doirasida metrologiya laboratoriyasi tashkil qilingan hamda zamonaviy metrologiya qurilmalari, sinov uskunalari, o‘lchov vositalari va asboblari bilan jihozlangan.   

2024-yil davomida va elektr stansiyasining 1-2-energobloklari rejali inspeksiyalari jarayonida jami 2530 ta o‘lchash vositalari qiyoslovdan o‘tkazildi, shundan 130 ta o‘lchash vositalari O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti Toshkent shahri va Namangan viloyati filiallari, 1000 ta o‘lchash vositalari «O‘zenergosozlash» MChJ tomonidan amalga oshirildi. 1400 ta o‘lchash vositalarini qiyoslash  stansiya Metrologiya xizmati tomonidan bajarildi hamda tegishli bayonnomalar va sertifikatlar rasmiylashtirildi, buning natijasida qariyb 400 mln. so‘m mablag‘ tejalishiga erishildi.

Metrologiya xizmati xodimlari malakasini oshirishga ham e’tibor bergan holda, 2024-yilda bir nafar xodim O‘zbekiston standartlar institutida “O‘zDSt 3444:2020 Qiyoslash laboratoriyalarining malakaliligiga qo‘yiladigan talablar” kursida malaka oshirib qaytdi va tegishli guvohnomaga ega bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, hozirgi kunda Metrologiya xizmatining «O‘zbekiston Akkreditatsiya markazi» davlat muassasasi tomonidan ruxsat etilgan akkreditatsiya sohasini kengaytirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

To‘raqo‘rg‘on IES  Matbuot xizmati