
To‘raqo‘rg‘on IESda 2024-yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda 2025-yilga belgilangan ustivor vazifalarga bag‘ishlangan press-tur bo‘lib o‘tdi
Bugun “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan OAV vakillari va jurnalistlarni Farg‘ona vodiysi viloyatlari iste’molchilari uchun qish mavsumida elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasiga tashkil qilingan press-tur bo‘lib o‘tdi.

Press-tur ishtirokchilari bundan 5 yil avval ishga tushirilgan hamda bugungi kunda Farg‘ona vodiysida elektr ta’minoti bo‘yicha asosiy manba hisoblangan, ikkita zamonaviy va energiya samaradorli bug‘-gaz qurilmalariga ega bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida elektr energiyasi generatsiyasi jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir davomida ma’lum qilinishicha, To‘raqo‘rg‘on IES tomonidan 2024-yilda 6,4 mlrd. kVt.soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqarildi, energoqurilmalarning ishonchli ishlashi ta’minlanishi natijasida rejadagiga nisbatan 54 mln. kubmetr tabiiy gaz resurslarining tejalishiga erishildi, bu esa mamlakatimizdagi an’anaviy issiqlik elektr stansiyalaridagi shunday ko‘rsatkichlardan 2 barobar samarali hisoblanadi.

2024-2025-yillar kuz-qish mavsumida aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish va mavsumni betalofat o‘tkazish maqsadida stansiyaning 1- va 2-energobloklari “O‘zbekenergota’mir” AJ va Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries”, “Mitsubishi Generator” kompaniyalari shef-muhandislari ishtirokida navbatdagi inspeksiya jarayonidan o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari korxonada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahsulot tannarxini pasaytirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

Ma’lum qilinganidek, o‘tgan yilda ishlab chiqarish tannarxi rejalashtirilgan ko‘rsatkichga nisbatan 2 karradan ortiq, ya’ni 910 mlrd. so'mga pasayishiga erishildi. Yoqilg‘i-energetika resurslarini iste’mol qilishning samaradorligini oshirish va energiya sarfini kamaytirish hisobiga 596,3 mln. kubmetr tabiiy gaz, 16,1 mln. kVt.soat elektr energiyasi tejaldi.
To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida 4,9 gektar bo‘sh yer maydonda barpo qilingan umumiy quvvati 4,5 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasida 2024-yil mobaynida jami 5,5 mln. kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi (bu deyarli 29 677 ta xonadonning o‘rtacha bir oylik iste’molidagi elektr energiyasi demakdir) va bu bilan 1,1 mln. kubmetrdan ziyod tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishildi.

Korxonada “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yilda 8830 tup daraxt ko‘chatlari ekildi, 9,8 gektar yer maydoniga uzunligi 11,9 km ga teng tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatildi. Stansiya atrofidagi 14 gektar yer maydonida esa “yashil belbog‘” barpo etildi.
Tadbir yakunida media tadbir qatnashchilariga mas’ul xodimlar tomonidan 2025-yilning asosiy ko‘rsatkichlari xususida ham atroflicha ma’lumotlar berildi.
To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati